Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Jahon banki guruhlari oʻrtasidagi samarali sheriklik jadal rivojlanayotganini alohida taʼkidladi.
Keyingi yillardagi izchil aloqalar va konstruktiv muloqot ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, uni yangi istiqbolli dasturlar bilan boyitishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorlik samaradorligi va uning investitsiyalari hajmi salmoqli darajada oshdi.
76bad9fb-d68a-72c6-c793-be80b803b0a8.jpg
Bugungi kunda bankning 4,5 milliard dollarlik imtiyozli moliyaviy resurslarini jalb etgan holda amalga oshirilgan va oshirilayotgan qariyb 40 istiqbolli loyiha oʻzaro hamkorlik portfelini tashkil etmoqda.
Ular raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, energetika, transport, shahar va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ilgʻor va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligini jadal rivojlantirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish kabi koʻplab muhim soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan.
2020 yilgacha moʻljallangan uzoq muddatli Sheriklik dasturi doirasida oʻtgan yili bankning Direktorlar kengashi tomonidan qiymati 1,4 milliard dollardan ziyod yangi loyihalar maʼqullandi.
Bundan tashqari, Jahon bankining yetakchi ekspertlari soliq tizimi va fuqaro aviatsiyasini isloh etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Jahon banki guruhlari oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Bank-moliya sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik va iqtisodiyotning real sektorini qoʻllab-quvvatlash, davlat korxonalari va agrosanoat kompleksini isloh qilish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish kabi yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani alohida taʼkidlandi.
7dda770b-4a7d-c50b-b70f-146074fef79f.jpg
Iqtisodiy kengash doirasida uzoq muddatli hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul va bankning Oʻzbekistondagi loyihalarini samarali amalga oshirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Mehmon Oʻzbekistonning qimmatli qogʻozlari jahon fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilgani, suveren reytinglari olingani va xalqaro reytingi oshgani mamlakatimizda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning xalqaro eʼtirofi ekanini alohida taʼkidladi.
Jahon banki Oʻzbekiston va butun mintaqaning barqaror taraqqiyotiga koʻmaklashish maqsadida mamlakatimiz bilan oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekani yana bir bor tasdiqlandi.

 

OʻzA