Toshkentda 26 fevral kuni Jinoyat qidiruv politsiyasi xalqaro tashkiloti – Interpolning “Qalqon“ loyihasi doirasida terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlik masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Interpol bosh kotibiyati hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Afgʻoniston, Ozarbayjon, Bangladesh, Gruziya, Nepal, Qirgʻiziston, Maldiv orollari, Pokiston, Tojikiston davlatlarining huquq-tartibot idoralari xodimlari, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashi, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, MDH Aksilterror markazi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Akramxon Boboxonov, Interpol bosh kotibiyati vakili – Interpol “Qalqon“ loyihasi rahbari Pyer Julyan Ruis soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda terrorizmga qarshi kurashishdagi xalqaro hamkorlik dunyoda tinchlikka erishish yoʻlidagi strategik yondashuv sifatida baholanadi. Oʻzbekiston transmilliy va xalqaro jinoyatchilik, terrorizm xavfi va boshqa tahdidlarga qarshi kurashishda xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Mamlakatimiz dunyoda tinchlikka erishishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surib, xalqaro huquqiy meʼyorlarni ishlab chiqishda ishtirok etmoqda, xalqaro tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Interpolning “Qalqon“ loyihasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil topgan. Dastlab loyiha ishtirokchilari sifatida Markaziy Osiyo davlatlari qayd etilgan. Bugungi kunga kelib uyushgan, transmilliy jinoyatchilikka, terrorizmga qarshi kurashishda samarali hisoblangan loyihani qoʻllab-quvvatlayotgan davlatlar soni 20 dan oshdi.
Mazkur tadbir ham Interpolga aʼzo davlatlarning xalqaro terrorizmga qarshi kurashishdagi huquqiy va amaliy hamkorlik faoliyatining muhim qismi hisoblanadi.
– Mavjud xavf va tahdidlarni inobatga olgan holda, “Qalqon“ loyihasi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun moʻljallangan ikki qismdan iborat faoliyatni yoʻlga qoʻygan, – dedi Pyer Julyan Ruis. – Bu konferensiyada har ikki mintaqa, shu bilan birga, Interpolga aʼzo boshqa davlatlar vakillari ishtirok etayotgani transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi yagona strategiyani muhokama qilish, bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Anjumanda ishtirokchilar terrorizmga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga oid oʻz maʼruzalari bilan qatnashdi.
Konferensiyada dunyoda tinchlikka qarshi tahdidlar kuchayib borayotgani, ularning oldini olishda oʻzaro tajriba almashuvlarni yoʻlga qoʻyish, kadrlar malakasini oshirib borish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston tomoni huquq-tartibot idoralari xodimlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini rivojlantirishga tayyor ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida jinoyat sodir etganlik uchun qidiruvda boʻlgan shaxslarga koʻriladigan choralarni kuchaytirish, jangarilar va ular tomonidan mavjud tahdidlar yuzasidan tezkor axborot almashish, ularning moliyalashtirilishi bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Ulugʻbek Shonazarov, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA