Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Oʻzbekiston – AQSH siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uellsni qabul qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlab, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil may oyida Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan tarixiy voqea boʻlgani qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqot olib borilmoqda, tomonlar uchun manfaatli yoʻnalishlar boʻyicha koʻp qirrali hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shu maʼnoda, dolzarb masalalar va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish uchun siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmidan yanada samarali foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
AQSHning yetakchi kompaniya va banklari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻtgan yili oktyabr oyida AQSH savdo vaziri U.Rossning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida ilk bor tashkil etilgan Amerika biznesi haftaligini oʻtkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Maykl Pompeoning salomlarini yetkazdi.
Amerikalik diplomat bugun Toshkentda boʻlib oʻtgan siyosiy maslahatlashuvlarning yettinchi davrasi natijalaridan mamnun ekanini taʼkidladi.
Mehmon Oʻzbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi.
AQSHning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirish borasidagi intilishi qatʼiy ekani taʼkidlandi.
OʻzА