Oʻzbekistonning “Biznes yuritish” yillik reytingidagi oʻrni yanada koʻtariladi

2019 yil 22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.
Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda qizgʻin muhokama qilingan edi.
Majlisda alohida taʼkidlanganidek, bugun yurtimizda davlat va jamiyatning har tomonlama, jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, barcha sohani liberallashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda.Bu saʼy-harakatlar jahon miqyosida ham eʼtirof etilmoqda. Xususan, keyingi besh yil davomida Oʻzbekistonning dunyo mamlakatlarida biznes yuritishga yaratilgan imkoniyatlar, qulayliklar hamda ularning huquq va erkinliklarini taʼminlovchi qonunchilik normalarini baholovchi eng nufuzli xalqaro tashkilotlar – Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisoboti (reyting)dagi oʻrni 2 baravardan ortiq yaxshilanib, jahonning 190 ta mamlakati orasida 146-oʻrindan 2018 yilda 76-oʻringa koʻtarildi. Biroq mamlakatimizdagi biznes yuritish uchun mavjud shart-sharoitlar xalqaro normalar va standartlarga toʻliq javob beradi, deb boʻlmaydi. Bu esa, sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish vazifasi dolzarbligicha qolayotganini anglatadi.
Majlis kun tartibiga kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi aynan shu masalaga qaratilgani, mamlakatimizning biznes yuritish borasidagi imijini yanada yaxshilashga xizmat qilishi tufayli deputatlarning qizgʻin bahs-munozarasiga sabab boʻldi.
Qayd etilganidek, loyihada “Biznes yuritish” hisoboti metodologiyasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratishga qaratilgan talablarni qonun hujjatlariga kiritish nazarda tutilgan. Yaʼni, qonun loyihasi bilan kiritilayotgan oʻzgartishlarga muvofiq, endilikda yuridik shaxslarning koʻchmas mulkini sotish toʻgʻrisidagi shartnomasini notarial tasdiqlashning majburiy tartibini hamda aksiyadorlik va masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitalining minimal qiymatiga qoʻyilgan talablarni bekor qilish va ustav kapitalining eng kam miqdoriga oid talablarni litsenziya talablari bilan belgilashga doir normalar kiritilmoqda. Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi chet ellik investorning ulushi kamida 15 foizni tashkil etishi kerakligi toʻgʻrisidagi talabni ham bekor qilish koʻzda tutilmoqda. Aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan qoʻshimcha aksiyalar chiqarilishida aksiyadorlarga oʻzlarining ulushlarini saqlab qolishlari uchun imtiyozli huquq berish, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan auditorlik tekshiruvini albatta oʻtkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash vakolatini faqatgina aksiyadorlar umumiy yigʻilishiga berish nazarda tutilyapti.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi korxonalardagi korporativ boshqaruvni yaxshilash, minoritar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Shundan soʻng deputatlar “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani (Minsk, 1995 yil 26 may) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, MDH Parlamentlararo Assambleyasi umumiy manfaatlarga taalluqli hujjatlarning loyihalarini qoʻrib chiqish va masalalarni muhokama qilish maqsadida 1992 yil 27 martdagi MDH ishtirokchi-davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi toʻgʻrisidagi Kelishuviga muvofiq maslahat instituti sifatida tashkil etilgan.
MDH Parlamentlararo Assambleyasining mustaqil davlatlararo tashkilot sifatidagi maqomi 1995 yil 26 maydagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga asosan MDH davlat rahbarlarining Minsk (Belarus Respublikasi) majlisida toʻliq belgilangan. 1996 yil 16 yanvardan kuchga kirgan mazkur konvensiyaga MDH ishtirokchi-davlatlarining barchasi aʼzo hisoblanadi. MDH PA faoliyatida ishtirok etayotgan barcha davlatlar mazkur hujjatni ratifikatsiya qilgan.
Deputatlarning nuqtai nazariga koʻra, Oʻzbekistonning mazkur tuzilmada ishtirok etishi MDH ishtirokchi-davlatlarining milliy qonunchiligini yaqinlashtirishga qaratilgan hamkorligini yanada rivojlantiradi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun tegishli mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatini xabardor etib borishda muhim omil boʻladi. Eng muhimi, parlamentlar darajasida muntazam aloqalar oʻrnatish va xorijiy sheriklar bilan samarali munosabatlarni konstruktiv rivojlantirishda, mamlakatimizning milliy manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan munosabatlarni faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

OʻzА