Xalq taʼlimi muassasalari tarbiyachilarining oylik maoshi oshirildi

2019 yil 1 martdan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun toʻlanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirildi. Endi nafaqa puli 820 000 soʻmni tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevralda “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
• 2019 yil 1 martdan “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilari, shuningdek, barcha turdagi xalq taʼlimi muassasalari tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkasi 1,5 barobarga oshiriladi va u umumtaʼlim maktablarining tegishlicha rahbar va pedagogik xodimlari bazaviy tarif stavkasining 75 foizi darajasida belgilanadi;
• 2019 yil 1 oktyabrdan “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari rahbar xodimlari va oliy maʼlumotli tarbiyachilari hamda barcha turdagi xalq taʼlimi muassasalari oliy maʼlumotli tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumtaʼlim maktablarining tegishli rahbar va pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi, bunda ayrim fanlar chuqur oʻrgatiladigan ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyachilari uchun koʻzda tutilgan ustama bekor qilinadi;
Shuningdek,
• 2019 yil 1 martdan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun toʻlanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 soʻmni tashkil qiladi, keyinchalik inflyatsiya hajmidan kam boʻlmagan miqdorda oshirib boriladi;
• 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi lavozim maoshining 75 foizi miqdorida toʻlanadi;
• vasiylik va homiylik organlari xodimlariga oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq transport xarajatlarini qoplash uchun har oyda 170 000 soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlanadi, keyinchalik inflyatsiya hajmidan kam boʻlmagan miqdorda oshirib boriladi;
• bolalar uylari, nogiron bolalar uchun “Muruvvat” internat uylari hamda sil kasalligiga qarshi bolalar sanatoriysi tarbiyachilariga tegishli toifadagi davlat maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorlari qoʻllaniladi;
• oilaviy bolalar uylari tarbiyalovchi ota-onalarining bazaviy tarif stavkasi “Mehribonlik” uylari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasining ikki barobari miqdorida hisoblanadi, bunda mehnatning alohida sharoitlari uchun amaldagi ustama haqi bekor qilinadi va “Mehribonlik” uylari tarbiyachilari uchun belgilangan har yilgi taʼtillar, imtiyozlar va kafolatlar berish tartibi saqlab qolinadi.

 

OʻzA