2019 yil 1 iyunga qadar tarbiya muassasalari videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi

Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oilaviy vasiylik va homiylikning turli shakllarini yaratishga koʻmaklashadi. Shuningdek, 2019 yil 1 iyunga qadar “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylarining hududlari va xonalari videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini taʼminlaydi. Videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir oy davomida saqlanishi nazarda tutiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylaridagi videokuzatuv kameralarining texnik sozligi va uzluksiz ishlashini, keyinchalik ularni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida arxivlashtirishni taʼminlaydi.

 

OʻzA