Madaniy meros – maʼnaviyat oʻchogʻi yoxud Qoraqalpogʻistonda madaniy meros obyektlariga eʼtibor haqida

Dolzarb mavzu
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha sharhlovchisi Yesimxan Qanoatov “Madaniy meros – maʼnaviyat oʻchogʻi yoxud Qoraqalpogʻistonda madaniy meros obyektlariga eʼtibor haqida” sarlavhali maqola tayyorlagan edi. Maqolani eʼlon qilishdan oldin unda zikr etilgan masalalar haqida mutaxassislar fikr bildirishlarini soʻrab, 25 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga xat yoʻlladik. 6 fevral kuni maqolada koʻtarilgan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari K.Akilova imzosi bilan javob xati va madaniy meros obyektlari boʻyicha ekspertiza xulosasi olindi.
 
Quyida muxbirimizning oʻsha maqolasi va unga Madaniyat vazirligining munosabati eʼlon qilinmoqda.
MADANIY MЕROS – MAʼNAVIYAT OʻCHOGʻI
 
yoxud Qoraqalpogʻistonda madaniy meros obyektlariga eʼtibor haqida
Oʻtgan asrning 40-yillaridan boshlab Qoraqalpogʻistonda keng koʻlamli ilmiy ishlar olib borgan mashhur arxeolog olim Sergey Tolstov bu zaminni “ikki daryo oraligʻidagi ikkinchi Misr”, deb atagan edi.
Bunday deyishiga sabab, oʻsha paytlar Qoraqalpogʻistonda 1000 ga yaqin yaxshi saqlangan tarixiy obidalar topilgan. Afsuski, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish bahonasida 700 ga yaqin obida yoʻq boʻlib ketgan. Shulardan biri mashhur sanʼatshunos va arxeolog olim Igor Saviskiyni yigʻlatgan Ellikqalʼa tumanidagi Qavatqalʼa saroyidir.
Ellikqalʼa tumani hokimligi binosi qadimiy saroy ustiga qurilgan
Ha, bu haqiqat. Hozirgi Ellikqalʼa tumani hokimligi binosi oʻrta asrlarning betakror yotdgorligi boʻlgan va oʻtgan asrning 80-yillarigacha yaxshi holatda saqlanib kelgan katta saroy ustiga qurilgan. Bu haqda arxeolog olim Oktyabr Dospanov shunday deydi:
–1981-1982 yillar. Ellikqalʼa tumani markazi Boʻston shahri atrofidagi koʻplab yodgorliklarda qazishma ishlari olib borilayotgan edi. Men Igor Saviskiy bilan arxeologik amaliyotda qatnashayotgan paytim. Bu yerdan Qavatqalʼa deb nom berilgan oʻrta asrlarga oid bir necha qasr topildi. Bu qasrlar oʻrta asrlarda boylar oʻzlari uchun qurdirgan saroylardir. Milodiy IX-XII asrlarda Xorazm davlatida feodalizm rivojlanib, boylar oʻzlariga hashamatli binolar barpo ettirgan. Demak, podshoh saroyidan tashqari boshqa boylarning ham saroyi boʻlgan. Shunday yaxshi saqlangan yodgorliklardan biri hozirgi Ellikqalʼa tumani hokimligi binosi ostida qolib ketdi.
Saviskiyni nima yigʻlatdi?
Bu saroy Igor Saviskiyni juda qiziqtirib qoʻydi. Har kuni fikru yodi shu bilan boʻldi. Umuman, olim Qoraqalpogʻiston zaminidan topilayotgan arxeologik yodgorliklardan cheksiz hayratga tushardi. Qavatqalʼa saroyida navbatdagi qazishma ishlarini shaxsan oʻzi olib borishni maqsad qilib, birgalikda shu joyni suratga tushirib qaytdik.
Soʻng Nukusga kelib, ekspeditsiyaga tayyorgarlik koʻrdik. Oradan 3-4 oy oʻtgandan keyin qazishma ishlarini boshlash uchun belgilab ketgan joyimizga borsak, u yerda quruvchilar kotlovan qazib, fundament qoʻyib, hozirgi hokimlik binosi qurilishini boshlayotgani ustidan chiqdik. Biz belgilab ketgan saroydan nom-nishon yoʻq. Saviskiy bu dahshatdan hoʻngrab yigʻlab yubordi, koʻp vaqtgacha oʻziga kela olmay yurdi.
Oʻsha paytlarda boshqa joylarda ham qancha-qancha betakror yodgorliklar paxta plantatsiyalari, zamonaviy qishloq va shaharchalar evaziga qurbon boʻlib ketayotgan edi. Hozir oʻsha paytlar topilgan qariyb 1000 ta yodgorlikdan atigi 300 ga yaqini qolgani boisi mana shunday “ish”lar oqibatidir.
Xoʻsh, bunday “ish”lar bugungi kunda toʻxtadimi? Oʻtgan yilgi shov-shuvli voqealardan biri Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi Mizdakxan majmuasi tarkibiga kiruvchi XII asrga oid yodgorlik – Shamun Nabiy maqbarasi buzib tashlangani boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ushbu betakror yodgorlik buzib tashlanganini rasman tasdiqladi. Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi mutasaddilari va jurnalistlar ishtirokida 2019 yil 8 yanvar kuni boʻlib oʻtgan konferensiyada Qoraqalpogʻistondagi Shamun Nabiy maqbarasi buzib tashlangani faktini Madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Akilovaning tan olgani haqida xabarlar tarqaldi.
Oktyabr Dospanovning taʼkidlashicha, Shamun Nabiy yodgorligi buzilishiga maʼmuriy buyruqbozlik sabab boʻlgan. Chunki uni buzib tashlashga vazirlikdan buyruq boʻlgan. Hujjatlar joyida. Smetasi ishlangan va hokazo.
Shamun Nabiy maqbarasini taʼmirlashni deputatlar taklif qilgan ekan
2017 yil 19 sentyabr kuni “Uz24.uz” saytida “OʻzMTDP tashabbusi bilan Xoʻjaylidagi Shamun Nabiy maqbarasi qayta taʼmirlanmoqda” nomli partiya matbuot xizmatining press-reliziga asoslangan maqola eʼlon qilindi. Taʼmir ishlari qanday ketayotgani haqida rasmlar ham bor.
Maqolada shunday deyiladi: “Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, tuman va shahar kengashlari hamda deputatlik guruhi tomonidan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, turizmni rivojlantirish, bu borada foydalanilmayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va mavjud muammolarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xoʻjayli tumani Mizdaxkan tarixiy arxeologik kompleksidagi Shamun Nabiy maqbarasining umumiy ahvoli tuman kengashi deputatlari tomonidan oʻrganilib, tuman kengashi sessiyasiga olib chiqildi. Chiqarilgan qaror natijasiga koʻra, mahalliy byudjet hisobidan Mizdaxkan tarixiy arxeologik kompleksidagi Shamun Nabiy maqbarasida ayni paytda restavratsiya va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda”.
Darhaqiqat, Shamun Nabiy maqbarasi Mizdakxan majmuasi tarkibiga kiruvchi XIII-XIV asrlar yodgorligi. XVIII-XIX asrlarda taʼmirlash ishlari olib borilgan.
Afsonalarga koʻra, Shamun Nabiy sehrgar sifatida tanilgan va unga odamlar turli yordam soʻrab murojaat qilishgan. U koʻplab kishilarga yordam bergan. Shuning uchun hozirgacha odamlar maqbara atrofidagi gʻishtlarni yigʻib, oʻz istaklarini bildirishadi. Yodgorlik yaxshilik va yovuzlik kurashi otashparastlik bilan, “oliy haqiqat”ni bilishga daʼvo qiluvchi soʻfiylar va kelajakni “bashorat qiluvchi” darvishlar bilan bogʻliq. Odamlar ziyorat qilganda ana shu tomonlarini hisobga olib kelardi. Endi esa, yodgorlik oʻrnida zamonaviy imorat qad rostlagan. Shu bilan ming yillik eʼtiqod va dasturlar ham yoʻqolib boraveradi.
“Qosh qoʻyaman, deb koʻz chiqarib qoʻyish” holatlari faqat bu emas. Beruniy shahridan 27 kilometr shimolda joylashgan Qizilqalʼa yodgorligi ham 1000 yillik ahamiyatini yoʻqotib, “qoʻli gul ustalar” tomonidan zamonaviy qasrga aylantirilgan.
Qizilqalʼa yodgorligi ilk bor 1938 yil Xorazm arxeologik va etnografik ekspeditsiyasi tomonidan ochilgan. Bino antik Xorazm davlati tomonidan Shimoli-sharqiy chegaradan himoya sifatida qurilgan va ehtimol mudofaa qalʼasi vazifasini bajaruvchi Xorazm istehkomlaridan biri boʻlgan. Bir vaqtning oʻzida qalʼa markaz va Sultonuvays togʻ tizmalaridan oʻtuvchi karvon yoʻllari tutashuvchi nuqta ham boʻlgan.
Qizilqalʼa milodiy I-IV asrlarda qurilgan, keyin maʼlum vaqt xarobaga aylanib, XII-XIII asrlarda qayta tiklanadi.
Afsonaga koʻra, Qizilqalʼa tagida yerosti xonalari mavjud boʻlib, u yerda oltin bor va uni katta ilonlar qoʻriqlaydi. Shuning uchun u boyliklarni olishga hech kim jurʼat qila olmaydi. Maʼlumki, “Qizil” soʻzi turkiy tillarda oltin maʼnosini ham anglatadi. Qoraqalpogʻistondagi tarixiy yodgorliklarda ilonlar koʻp uchrashi esa oddiy haqiqat.
Mana shunday boy tarixga ega, afsonalarga qorishib ketgan yana bir yodgorlik – Tuproqqalʼa ham baʼzi sabablarga koʻra barbod boʻlishi mumkin edi…
2000 yillik tarixga ega Tuproqqalʼadan ayrilishimiz mumkin edi…
–Madaniy merosni saqlab qolish dunyoviy muammo sanaladi, – deydi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari Maqset Qarlibayev. – Qoraqalpogʻistonda shunday yodgorliklar yoʻq boʻlib ketayotganiga birinchi sabab ayrim mutasaddilarning sohani yaxshi tushunmasligidir. Agar vazirlik mutasaddisi XII asrga oid madaniy meros yoʻq boʻlib ketishi xavfi yuzaga kelishini tushunganida, uning oldini olish mumkin edi. Bizdagi yodgorliklarni konservatsiya usuli bilan saqlab qolish lozim. Lekin ayrim mutasaddilar restavratsiya nima, konservatsiya nima, rekonstruksiya-chi, bularning farqiga bormaydi. Shuning oqibatida 1000 yillik meroslarimizdan ayrilmoqdamiz.
-Shunday afsuslanarli voqealardan yana biri 2012 yilda Ellikqalʼa tumanidagi Tuproqqalʼa yodgorligida oʻtkazilgan “Asrlar sadosi” festivali paytida yuz berishi mumkin edi, deb eslaydi Maqset Qarlibayev. – Xullas, “Asrlar sadosi”ga tayyorgarlik qizgʻin ketmoqda edi. Shu yili mart oyida institutimiz olimlari tomonidan Tuproqqalʼaning muhofaza qilinadigan hududlari belgilab berildi. Aprel oyida Toshkentdan kelgan fotograflar bilan Tuproqqalʼadagi arxeologik yodgorliklarning 3D suratini tasvirga olib yurgandik. Bir payt qoshimizga bir guruh odamlar kelib, nimalarnidir maslahatlashib ketdi. Barchasi festivalni oʻtkazishga mutasaddi rahbarlar. Qoʻllarida qandaydir plakat bor. Nimani muhokama qilayotgani bilan qiziqib yonlariga borsam, festivalni Tuproqqalʼaning ichida oʻtkazmoqchi ekan. Oʻzimni tutib tura olmadim. “Bu rejangiz mutlaqo notoʻgʻri”, deb ularning muhokamasini buzdim. Hammasi men tomon oʻgirildi. “Bu muhofaza qilinadigan yodgorlik. Qazish ishlari hali davom ettirilishi mumkin. Buni necha ming odam oyogʻi bilan toptab tashlasa, yodgorlik chilparchin boʻladi-ku!? Nima uchun biz belgilab bergan hujjat boʻyicha ish olib bormaysiz?”, dedim. Maʼlum boʻlishicha, bizning hujjatimiz tegishli joylarga yetib bormasdan Qoraqalpogʻiston Madaniyat vazirligida qolib ketgan ekan. Qizishib ketganimdan bu yodgorlik YUNЕSKO roʻyxatiga kirgan (kirgan-kirmaganini oʻzim ham bilmayman aslida), hozir toʻxtatmasangiz, ertaga birorta chet ellik jurnalist tadbir 1000 yillik yodgorlikni nobud qildi, deb xabar tarqatib yuborsa, butun dunyoga sharmanda boʻlmaymizmi, degandim, hamma jim qotib qoldi.
Ularning rejasi boʻyicha qalʼaning ichiga oʻtovlar, moda podiumlari, konsert sahnalari qurilishi kerak edi. Tasavvur qiling-a, Tuproqqalʼaning Quyi saroy degan ahamiyatli qismini texnikalar yordamida tekislab yuborib, ot choptirmoqchi ekan. Dodlab yuboray dedim. Bir mulozim “Bu xalqaro tadbir. Biz shuni qilishimiz zarur”, dedi. Yana bir mulozim “Bu yodgorlik toʻla tadqiq qilib boʻlingan. Endi buning bizga nima keragi bor? Surib yubora beramiz”, dedi. Yana biri “Biz shunday qilsak, dunyoga tanilamiz”, desa boʻladimi. Men ularga “Qoʻlingizga kurak olib, shu yerda 1 kub toʻproq oching. Agar hech narsa chiqmasa, xohlaganingizni qiling. Sizdek insonlar tufayli qadimiy qasr ustiga hokimiyat binosi qurilgan. 2 ming yildan buyon turgan yodgorlikni 2 kunda nobud qilmoqchimisiz? Umuman ruxsat yoʻq!”, dedim ovozimni balandlatib va oʻz soʻzimda turib oldim. Yodgorlikni saqlab qoldik.
Qoraqalpogʻistonda madaniy merosga eʼtibor qanday?
Bugungi kunda sohada qilinayotgan ishlar haqida ikki ogʻiz. Mamlakatimizda qadimiy yodgorliklarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga asl holini saqlab qolgan holda yetkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunga misollar juda koʻp. Birgina Xoʻjayli tumanidagi Mizdaxkan majmuasi tarkibiga kiruvchi Mazlumxan suluv maqbarasiga 124,9 million soʻm, Shamun Nabiy maqbarasiga 317,4 million soʻm, Chimboy tumanidagi Aqimbet baxshi maqbarasiga 194 million soʻm mablagʻ ajratilib, “El-taʼmirlash” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qayta qurish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, oʻtgan yili Buraxan ota maqbarasiga 478 million va Berdaq bobo maqbarasigaa 194 million soʻm mablagʻ ajratilib, “Nukus agrosrevis qurilish” MCHJ mutaxassislari tomonidan qayta taʼmirlash ishlari olib borilgan.
Niyat yaxshi, davlat moʻmay pul beryapti. Lekin shu mablagʻ oqilona ishlatilyaptimi?
–Madaniy merosimizni saqlab qolishga alohida eʼtibor qaratilyapti, pul berilyapti, – deydi Oktyabr Dospanov. – Ammo, bu ishga jiddiy yondashish lozim, yaʼni madaniy meros obyektlarini saqlab qolish masalasida mutaxassislar bilan maslahatlashish kerak. Avvalo, shunday muayyan obyektni restavratsiya qilish kerakmi yoki konservatsiya? Balki qazish ishlari olib borish kerakdir? Mana shu masalalarda mutaxassislar kerak. Buning uchun esa, nafaqat oʻz tariximizni, balki jahon tarixini, rivojlangan davlatlarda bu masalaga yondashuv qanday ekanini yaxshi biladigan, xullas, zamonaviy ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni puxta oʻzlashtirgan munosib kadrlar kerak. Asrlar davomida saqlanib kelayotgan boy madaniy merosimiz sizu bizning davrimizda yoʻq boʻlib ketsa, kelgusi avlodlar buni aslo kechirmaydi.
Madaniy meros turizmni rivojlantirishda asosiy omillardan biri hisoblanadi. Olimu mutaxassislar fikridan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, yurtimizda turizmni rivojlantirish borasida mana shu jihatlarga ham koʻproq eʼtibor berilishi maqsadga muvofiq. Bino-inshootlar qurilishida, albatta, arxeolog, tarixchi olimlar xulosasi asosida ish tutish lozim. Zero, zaminimizning har qarichida oʻtmishning ne-ne sir-sinoatlari yashirinib yotganini xorijlik olimlar ham koʻp aytishadi.
Yaqinda Rossiyaning Qozon shahrida boʻlganimizda bu yerda arxeologik qazishma ishlari olib borayotgan qoraqalpogʻistonlik arxeolog Shamil Amirovni uchratib qoldik. U shaharda yangi qurilajak bino oʻrnida qazishma ishlari olib borayotgan ekan. Eʼtiborlisi shundaki, yer tagidan koʻplab artefaktlar topilgan. Arxeologning ushbu mehnatlari uchun qurilish kompaniyalari unga moʻmaygina pul toʻlagan. Bizda ham qurilish ishlari boshlanmasdan avval arxeologlar va boshqa tegishli mutasaddilarning xulosasi olinsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.
Arxeolog olimlarning fikricha, bugun Qoraqalpogʻistonda ushbu sohaga sidqidildan qiziqadigan yoshlar safi kamayib bormoqda. Oʻzbekiston Qahramoni, senator, akademik, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti arxeologiya boʻlimi mudiri Gʻayratdin Xoʻjaniyazovning taʼkidlashicha, bir paytlari oʻzi boshqarayotgan sektorda 21 nafar xodim ishlagan, hozir ular soni atigi 3 ta. Oliy taʼlim muassasalarida ham talabalar oʻrtasida arxeologiyaga qiziqish deyarli yoʻq.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu sohaga vatanparvar xodimlar kerak. Zero, madaniy meros – maʼnaviyat gultojidir. Insonni inson qiladigan esa, maʼnaviyat. Ikkinchi Misr deb atalgan Qoraqalpogʻiston zaminidagi ushbu madaniy meroslar yana necha ming yillar madaniyat va maʼnaviyat oʻchogʻi boʻlib qolishi zarur.
Yesimxan QANOATOV,
 
OʻzA muxbiri
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari K.Akilova imzosi bilan kelgan javob xati: (tahrirsiz berilmoqda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumanidagi Mizdaxkan kompleksida joylashgan “Shamun Nabiy” maqbarasida 2017 yilda qayta taʼmirlash, tiklash ishlari olib borildi va tugatildi.
Maqolada yozilgan: Mizdaxkan tarixiy arxeologik kompleksidagi Shamun Nabiy maqbarasining umumiy ahvoli tuman kengashi deputatlar tomonidan oʻrganilib, tuman kengashi sessiyasiga chiqilgan va chiqarilgan qaror natijasiga qoʻra, mahalliy byudjet hisobidagi arxeologik kompleksidagi Shamun Nabiy maqbarasida ayni paytda restavratsiya va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot notoʻgʻri.
Hozirda Xoʻjayli tumani xokimligi yoki mahalliy byudjeti tomonidan hech qanday mablagʻ ajratilmagan va taʼmirlash tiklash ishlari olib borilayotgani yoʻq.
2017 yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasida qayta taʼmirlangan, tiklangan madaniy meros obyektlaridan biri, Shamun Nabiy maqbarasiga ajratilgan mablagʻ 317,4 mln. soʻmni tashkil etadi. Obyektda “El-taʼmirlash” MCHJ pudrat tashkiloti taʼmirlash tiklash ishlarini olib borgan.
2018 yil iyul oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ishlari oʻrganib chiqish boʻyicha Nukus shahar prokuraturasi tomonidan 02.07.2018 yildagi 15/14-18-sonli xatiga binoan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qurilish ishlari oʻrganib chiqish boʻyicha, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB yetakchi mutaxassisi U.Palыmbetov, “KKGORSЕLPROYEKT” MCHJ loyihalash tashkiloti mutaxassisi R.Dosnazarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish mintaqaviy davlat inspeksiyasi boshligʻi Q.Sharipov, “El-taʼmirlash” MCHJ boshligʻi R.Xudaybergenov tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi madaniy meros obyektlarini muxofaza qilish va ulardan foydalanish ishlari 2016-2017-2018 yil iyun oyigacha taʼmirlash ishlari oʻrganib chiqildi.
Ushbu ishchi guruhi, pudratchi “El-taʼmirlash” MCHJ tomonidan olib borilgan taʼmirlash tiklash ishlarini koʻrib, oʻrganib, ajratilgan mablagʻlar toʻgʻri ishlatilganligi, ayniqsa Shamun Nabiy maqbarasining taʼmirlash-tiklash ishlari oʻrganib chiqilib, ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri ishlatilganligi aniqlandi va Nukus shahar Prokuraturasiga 2018 yil 12 iyulda maʼlumotnoma kiritilgan.
2018 yil 6-8 noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumani Mizdahkon majmuasidagi “Shamun Nabi” maqbarasi va Beruniy tumanida joylashgan “Qizil qalʼa” madaniy meros obyektlari, maxsus ekspertlar komissiyasi tarkibi va Bosh boshqarmaning Qorqalpogʻiston respublikasi boʻyicha mintaqaviy davlat inspeksiyasi boshligʻi bilan birgalikda oʻrganilib chiqildi. Xulosa ilova qilinadi.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining 2018 yil 2 noyabrdagi №716 sonli boʻyrugʻiga asosan “Shamun Nabi” maqbarasi va “Qizil qalʼa” moddiy madaniy meros obyektlari boʻyicha ekspertiza xulosasi
2018 yil 6-8 noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumani Mizdaxkon majmuasidagi “Shamun Nabi” maqbarasi va Beruniy tumanida joylashgan “Qizil qala” madaniy meros obyektlari, maxsus ekspertlar komissiyasi tarkibi va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha mintaqaviy davlat inspeksiyasi boshligʻi Kuanishbek Sharipovlar bilan birgalikda oʻrganilib chiqildi.
Oʻrganish natijasida “Shamun Nabi” maqbara yodgorligi “Meros Chashmasi” UK tashkiloti loyixasi asosida “El taʼmirlash” MCHJ tomonidan Madaniy meros Bosh Boshqarmasi bilan 12.06.2017 yil №71 sonli shartnomasi asosida taʼmirlash va qayta tiklash ishlari olib borilgan. “Shamun Nabi” maqbarasi dastlab XII-XIII asrlarda qurilgan boʻlib, XIX asrda Olloqulixon tomonidan qayta qurilgan. Bugungi kunda dastlabki holatidagi xom gʻishtdan barpo etilgan yodgorlik, yaroqsiz holatga kelib qolganligi sababli maqbara buzilib, qadimgi koʻrinishi va oʻlchamlari saqlangan holda, yangidan barpo etilgan. Ammo, maqbarani qadimiy asl holatini saqlab qolish kerak edi.
“Qizil qala” mudofaa inshooti Beruniy shahridan 27 km shimolda joylashgan boʻlib, I-II asrlarda barpo etilgan va XII-XIII asrlarda qayta taʼmirlangan. 1938 yilda S.P.Tolstov boshchiligidagi ekspeditsiya tomonidan “Qizil qala” yodgorligi oʻrganilgan. Bugungi kunda “Qizil qala” yodgorligi “Meros Chashmasi” UK tashkiloti loyihasi asosida “El taʼmirlash” MCHJ tomonidan Madaniy meros Bosh Boshqarmasi bilan 12.05.2018 yil №103 sonli shartnomasi asosida taʼmirlash va tiklash ishlari olib borilgan. “Qizil qala” mudofaa inshootida qisman taʼmirlash va tiklash ishlari olib borilgan. Qala zamin poydevor qismi temir beton bilan mustahkamlangan, qalʼaning old tomoni 3/1 qismi toʻliq taʼmirlangan, qolgan tomonlari 4-6-10 metr balandlikda xom gʻisht bilan mustahkamlanib, somon suvoq bilan suvalgan. Qalaga kirish qismidagi pandus ustki qismi, pishiq obi gʻishtdan zinali qilib barpo etilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Shamun Nabi” maqbarasi va “Qizil qala” madaniy meros obyektlaridagi taʼmirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish loyiha ishlari, mutaxassislar tomonidan chuqur oʻrganilib chiqilmagan. Kelgusida madaniy meros yodgorliklarida taʼmirlash tiklash loyiha taklif ishlari, soha mutaxassislari xulosasi asosida amalga oshirilsa maqsadga muvofiq boʻladi.
Xulosa: Yuqoridagi kamchiliklarning kelib chiqishiga loyiha ishlarining ilmiy gʻoʻrligi, ekspertiza va muhokamadan oʻtkazilmaganligi tufayli yuzaga kelgan.
Taklif: Taʼmir ishlari loyihalarining ilmiyligini kuchaytirish, ekspertiza va muhokamadan oʻtkazish tartibini joriy qilish kerak.
Ekspertlar komissiyasi tarkibi:
TAQI prof. M.Q.Axmedov
QDU prof. M.Sh.Kыdыrniyazov
Qoraqalpogʻiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi M.M.Babanazarova
QDU dos. M.Turabekov
TAQI “Arxitektura tarixi va nazariyasi”
kafedrasi mudiri B.G. Matchonov

 

O’zA