Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidan 200 kilometr, Nukusdan 400 kilometr olisda Vozrojdeniye orolining Shagʻala deb nomlanuvchi joyi bor. Oʻsha hududdan – Orol dengizining qurigan maydonidan chuchuk suv topildi.
Kuni kecha – 26 yanvar kuni suv koʻzining topilishi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi. Tadbirda qator vazirlik va idoralar rahbarlari, moʻynoqliklar hamda Orolning qurigan maydonida mehnat qilayotgan hasharchilar qatnashdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi M.Yerniyazov yigʻilganlarni ushbu muhim yangilik bilan qutladi.
Orolning qurigan maydoniga joriy yilda 500 ming gektar yerga saksovul ekish belgilandi va hozirda respublikamizning barcha hududlaridan mingdan ortiq ishchilar, tuman aholisi ushbu tadbir bilan band.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moʻynoq tumaniga alohida eʼtibor qaratmoqda. 2017 yilda tumanga 101 kilometrlik ichimlik suvi tortildi. Davlat rahbari 2018 yili 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida, Moʻynoq tumaniga ham safar uyushtirib, hudud aholisi bilan uchrashib, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun qator vazifalar belgilab berdi. Moʻynoq tumanini har tomonlama rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Topilgan ushbu chuchuk suv Janubiy Orololdi artezian basseynining bor davri yotqiziqlaridan, yaʼni 260-280 metr chuqurlikdan topildi. Suv sarfi sekundiga 7 litrni tashkil qilayotgan bu suvning minerallashuvi 3 gramm, qattiqligi 6 milligramm ekvivalentga teng.
Toʻrt-besh yarusdan tashkil topgan bor davri yotqiziqlarining pastki qatlamlaridagi janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlari termal va minerallashgan boʻlib, shifobaxsh xususiyat kasb etadi. Bu kabi 47-50 gradus issiqlikdagi suvlar Qozoqdaryo, Qoraoʻzak, Chimboy hududlarida mavjud.
Orolboʻyi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi tomonidan joriy yilda Moʻynoq tumanida, yaʼni Vozrojdeniye oroli, Surgil, Axantay hududlarida shu kabi 40 ta suv koʻzlarini ochishni rejalashtirilgan. Bunisi birinchisi. Suv koʻzlarining ochilishi Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlarida chorvachilikni rivojlantirishga zamin yaratadi. Shuningdek, 2021-2023 yillarda Janubiy Orolning qurib qolgan qismini geologik jihatdan oʻrganish ishlari olib borilishi ham alohida dastur sifatida qabul qilingan.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari O.Ramatov ishtirok etdi.