Navoiy viloyati hasharchilari Orolboʻyida

Orol dengizining qurigan maydonlariga saksovul ekish ishlarida Navoiy viloyati hasharchilari ham faol ishtirok etmoqda.
Dengizning qurigan tubidagi “Surgil“ nomli hududida saksovul ekish ishlarida Navoiy viloyatidan jami 60 dan ortiq kishi, jumladan, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va oʻrmon xoʻjaligi xodimlari, mexanizatorlar ishtirok etmoqda.
7.JPG
– Bu xayrli ishda barcha hududlar vakillari jonbozlik koʻrsatmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi yetakchi mutaxassisi Ahmad Saʼdullayev. – Navoiy viloyatidan kelgan hasharchilar asosan ekish ishlarida qatnashmoqda. 20 ta texnika bilan kuniga 2-2,5 ming gektar maydonga saksovul urugʻi ekilyapti. Har gektarga 5-6 kilogramm saksovul urugʻi tashlanmoqda. Ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Oʻrmon xoʻjaligi xodimlari va mexanizatorlar har 10 kunda almashib ishlaydi. Ushbu ekologik muammoni bartaraf qilishda ishtirok etayotganidan hamma xursand, oʻz ishini sidqidildan bajarmoqda. Bu yerlar yurtimizning boshqa hududlariga nisbatan sovuq. Bepoyon sahro boʻlganidan izgʻirin kuchli. Shunga qaramasdan, dengiz chekinib ketgani bilan xodimlarimiz chekinishni istamaydi. Tasavvur qiling, 7-8 yildan keyin bu joylar toʻqayzorga aylanadi. Mana shu narsani koʻnglimizdan oʻtkazish bizga kuch-gʻayrat beryapti. Yaqinda Buxoro, Navoiy viloyatlarida boʻldim. U yerlarda ham aholi Orolga madad boʻlish maqsadida saksovul urugʻini yigʻmoqda. Qisqasi, davlatimiz rahbarining bu ezgu tashabbusi hammamizni yagona maqsad atrofida birlashtirib, tuganmas kuch-quvvat bermoqda.
13.JPG
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bu tadbirlarda jami 1 ming 100 ga yaqin kishi qatnashmoqda. Ularning 200 nafari tayyor urugʻni qoplarga joylashtirsa, 775 kishi yerni tayyorlash va ekishda ishtirok etayotir. 70 ga yaqin kishi Orol boʻyidagi uchastkalarga oʻtin zaxirasi yaratish uchun koʻmaklashmoqda. Shuningdek, 549 texnika, 2 samolyot jalb etilgan.
Saksovul ekish uchun jami 326 ming gektardan ziyod yer maydoni tayyorlangan. Qariyb 103 ming 300 gektar maydonga 412 ming 300 kilogramm saksovul urugʻi ekilgan.
Shu kungacha jami 622 ming 500 kilogramm saksovul urugʻi tayyorlangan. Urugʻ tayyorlashda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari faol qatnashmoqda.

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA