Xoʻjayli tumanida joylashgan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Nukus garnizonida harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
“Vatanparvarlik oyligi” doirasida uyushtirilgan ekskursiya jarayonida yoshlar garnizon hududidagi harbiy qism yotoqxonasi, oʻquv korpuslari, oshxona va kutubxona bilan tanishdilar. Kapital rekonstruksiya qilingan oʻquv korpusida boʻldilar.
Shuningdek, mehmonlarga merganlik, artilleriya, havo hujumidan mudofaa, harbiy topografiya, maxsus taktik va aloqa tayyorgarliklari boʻyicha boshlangʻich tushunchalar berildi. Zamonaviy kompyuterlashtirilgan oʻq otish xonasida oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotlar hamda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻrtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi chavandoz” oʻyinlari barchaga birdek manzur boʻldi.
Ekskursiya yakunida bolajonlar uchun harbiylar oshxonasida bayram dasturxoni yozildi. Bu kabi tadbirlar bolajonlarning harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishini shakllantirishga, ularning Vatanga boʻlgan muhabbatini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning noyabr oyida mazkur garnizonda boʻlib, harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan edi.
OʻzA