24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Mudofaa vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganiga besh yil to‘ldi. Shu kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Jamoatchilik kengashi tomonidan o‘tgan davr mobaynida Qurolli Kuchlar ustidan jamoatchilik nazorati, xalq va milliy armiyamiz birdamligi mexanizmlarini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi I.Mirzaaliyev va boshqalar Jamoatchilik kengashi xalqimiz va armiyamiz o‘rtasida mustahkam ko‘prik vositasini o‘tayotganini ta’kidladi. Kengash harbiy idoralar faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, davlatimizning mudofaa va harbiy qurilish borasida yuritayotgan siyosatini amalga oshirish jarayoniga fuqarolik va ijtimoiy birlashmalarni keng jalb qilish, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning samarali tizimini shakllantirish kabi yuksak maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Jamoatchilik kengashi deputatlar, vazirliklar va idoralar, ijodiy uyushmalar, jamoatchilik jamg‘armalari va tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, san’at va fan arboblari bilan yaqin hamkorlik aloqasini o‘rnatgan.
Jamoatchilik kengashi tashkil etilganidan buyon Mudofaa vazirligi faoliyati ochiqligini ta’minlash, harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat va turmush sharoitlari yaratish, harbiy qismlarda sog‘lom muhitni ta’minlash, harbiy xizmat nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni takomillashtirish ishlariga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 23-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida Jamoatchilik kengashining hududiy bo‘linmalari tashkil etildi.
Mazkur hududiy bo‘linmalar tarkibiga deputatlar, fan va san’at arboblari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari kiritildi.
Shuningdek, matbuot anjumanida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi davlatimiz rahbari qaroriga muvofiq yoshlarni mamlakatimiz oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorlaydigan maxsus guruhlar tashkil etilgan 29 kollej va litseylarida o‘quv jarayonini yo‘lga qo‘yishda, “Temurbeklar maktabi” ixtisoslashtirilgan harbiy litseylarini isloh qilish jarayonida ham faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.
Tadbirda kelgusi yildan milliy armiyamiz haqida yangi badiiy filmlar suratga olinishi haqida xabar qilindi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan “Askarlar kutubxonasi” rukni ostida vatanparvarlik mavzusidagi kitoblar chop etilishiga ham mablag‘ ajratildi.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.
Ablay Kamolov, O‘zA