Malayziya Xorazm viloyatiga yirik miqdorda investitsiya kiritadi

Investitsiyalarni jalb qilish mamlakatda iqtisodiy yuksalishni taʼminlashning asosiy omili hisoblanadi. Buni bugungi kunda koʻplab davlatlarning tashqi siyosiy faoliyatida aynan shu masalaga alohida eʼtibor qaratilayotgani misolida koʻrish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar mamlakatimizda faol investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratishga yoʻnaltirilganini qayd etish joiz. Oʻz navbatida, bu Oʻzbekistonda iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiyotning sanoat sektoriga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish imkonini bermoqda. Shuningdek, yangicha boshqaruv usullari va ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilyapti.

Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksport hajmlarini yanada oshirish, sanoat va infratuzilmalarni modernizatsiya qilish uchun xorijiy investitsiyalar, ilgʻor texnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish, yurtimizga sayyohlar oqimini kengaytirish boʻyicha tizimli ish olib borilmoqda. Jumladan, yurtimizga Malayziyadan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha qator loyihalar boshlangan.

Malayziya bilan diplomatik munosabatlar 1992 yil 21 fevralda oʻrnatilgan. Ushbu mamlakat Oʻzbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi yaqin hamkorlaridan hisoblanadi. Ayni paytda mamlakatimizning ushbu davlatdagi diplomatik missiyasiga Ravshan Usmonov rahbarlik qilmoqda.

Oʻtgan davrda elchixona siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida qator ishlarni amalga oshirdi. Buning natijasida joriy yilning yanvar-noyabr oylarida ushbu mamlakatga eksport hajmi 206 foizga oʻsdi.

2018 yilda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator tadbirlar oʻtkazildi. Xususan, 1 noyabr kuni Toshkent shahrida soʻnggi besh yilda ilk marotaba Malayziyaning tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi rahbariyati boshchiligidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari va importyorlari tashrif buyurdi. Uning doirasida tashkil etilgan Oʻzbekiston – Malayziya ishbilarmonlari biznes-forumlari oʻtkazildi.

Bundan tashqari, 2018 yilda mamlakatimizning biznes salohiyatini oʻrganish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, qolaversa, erkin iqtisodiy zonalarda istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish maqsadida Malayziyaning Tashqi savdoni rivojlantirish – “SMITA“ assotsiatsiyasi tomonidan ishbilarmon doira vakillarining ikkita tashrifi amalga oshirildi. Ushbu muzokaralarda Xorazm viloyatining “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida istiqbolli loyihalarni hayotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu harakatlar samarasida Malayziyaning “Serba Dinamik” kompaniyasi “Hazorasp” EIZ hududida toʻliq eksportga yoʻnaltirilgan kaustik soda va suyuq xlor ishlab chiqarish zavodini barpo etish tashabbusi bilan chiqdi. Umumiy qiymati 250 million AQSH dollariga baholangan loyiha yiliga 33 ming tonna kaustik soda va 30 ming tonna suyuq xlor ishlab chiqarish imkonini beradi. Korxonada yiliga 100 million dollarlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Davlatimiz rahbari yaqinda Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur loyihaning samaradorligi, eksport imkoniyatlari bilan qiziqdi, kompaniya vitse-prezidenti bilan shu haqda suhbatlashdi.

2022 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxona uchun “Hazorasp” EIZ hududidan 15 gektar yer maydoni taklif qilingan. Loyiha doirasida Germaniyaning ilgʻor texnologiyalari oʻrnatiladi. Korxonaning asosiy xomashyo manbai Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi Borsakelmas tuz koni boʻlib, tuz zaxirasi 17,2 milliard tonnani tashkil etadi. Ikkinchi yirik kon Qoʻngʻirot tumanidagi Qoraumbet tuz koni hisoblanadi.

Malayziyaning Xorazm viloyatidagi investitsiya dasturlari qandolat mahsulotlari, tibbiy kosmetologiya xizmatlari koʻrsatishda innovatsion estetik markaz tashkil etish, tayyor toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyish masalalariga ham taalluqli.

Bugungi kunda mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi ushbu sayyohlarni jalb etish borasida ham muloqotlar olib bormoqda. Bu yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishda katta imkoniyatdir.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA