Yaponiyaning Kobe shahrida o‘tgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida dunyoning 103 ta mamlakatidan mingdan ortiq para atlet ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston terma jamoasi 7 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza, jami 13 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Hindiston va Eron kabi yetakchi davlatlarni ortda qoldirgan holda uchinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur tarixiy natijani qo‘lga kiritgan para yengil atletikachilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Ushbu nufuzli musobaqada paralimpiyachilarimiz dunyoga mamlakatimizning ulkan salohiyatini namoyon qildi. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlarining mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi.
– Qizim jahon chempionatiga ketish oldidan albatta oltin medal bilan qaytaman va o‘z rekordlarimni yangilayman, deb va’da bergandi, – deydi ikki karra jahon chempioni Asila Mirzayorovaning onasi Dilfuza Hasanova . – U va’dasining ustidan chiqib, yuzimizni yorug‘ qildi. Asilaning bu g‘alabasi butun xalqimizning yutug‘i, mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlar, yoshlarga ko‘rsatilgan mehr va e’tiborning samarasidir. Umid qilamanki, endi Paralimpiya o‘yinlarida ham yangidan-yangi marralarni zabt etadi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, xalqaro maydonlarda matonatini, irodasini, jasoratini ko‘rsatishini ta’minlash doimiy e’tiborda.
Yaponiyada o‘tgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston sportchilarining g‘alabaga bo‘lgan qat’iy ishonchi, tug‘ilib o‘sgan Vatanini baralla madh etishga bo‘lgan intilishi ular ko‘rsatgan natijalarda butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi.
Sportchilarimiz jahon chempionatida erishgan g‘alabalari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo tarixida yana bir sahifa ochdi. Paralimpiyachilarimiz sharafiga O‘zbekiston nomi, mustaqil mamlakatimiz madhiyasi baralla yangradi, bayrog‘imiz baland hilpiradi. Ular qayd etgan natijalar, rekordlar, qo‘lga kiritgan medallar jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etildi.
Xar qanday g‘alaba, erishilgan natija taqqoslanganda yanada zalvorli ko‘rinadi. Birgina misol, para atletlarimiz 2019 yilda BAAda o‘tkazilgan jahon chempionatida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 8 ta medal, o‘tgan 2023 yil Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan dunyo birinchiligida esa 6 oltin, 7 kumush, 4 bronza jami 17 medalni qo‘lga kiritgan edi.
Bu yilgi jahon chempionatida 7 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza, jami 13 ta medal esa para yengil atletikamiz tarixida unutilmas natija bo‘ldi. Bu g‘alabali odimlarimiz esa, albatta para atletlarimiz sezilarli darajada tajribalari oshgani va yangi marralarni zabt etishga tayyorligini bildiradi.
Sportchilarimiz faqat medallarni qo‘lga kiritibgina qolmay jahon rekordlarini ham yangilab, o‘zlarining ulkan salohiyatga, iste’dodga ega, yuragi shijoatga to‘la ekanini isbotladi. Nufuzli musobaqada Nurxon Qurbonova hamda Asila Mirzayorova o‘z yo‘nalishlarida jahon rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Shunisi ahamiyatliki, Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev F37 klassida disk uloqtirish dasturida 54.11 metr natija qayd etib, «Parij-2024» yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani qo‘lga kiritdi.
Jahon chempionatida Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev yadro va disk uloqtirishda, Husniddin Norbekov yadro uloqtirishda, Nurxon Qurbonova nayza uloqtirishda, Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda, Yoqutxon Xolbekova uzunlikka sakrashda va Safiya Burxonova yadro uloqtirishda oltin medalga ega chiqdi.
Boburjon Omonov yadro uloqtirish, Dilafro‘z Ahmadxonova yadro uloqtirish, Kubaro Hakimova yadro uloqtirish, Mohigul Hamdamova disk uloqtirish bahslarida kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Ma’rufjon Murodulloyev 400 metrga yugurish bo‘yicha, Nurxon Qurbonova yadro uloqtirishda bronza medali bilan taqdirlandi.
– Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qilish baxtiga va ikki medalni qo‘lga kiritishga muyassar bo‘lganimdan xursandman, – deydi Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev. – Nufuzli musobaqada shohsupaga ikki bora ko‘tarilishimda O‘zbekistonga albatta medal bilan qaytishim, ota-onam, ustozlarim, xalqimizning ishonchini oqlashim kerak, degan qat’iy ishonch menga har tomonlama kuch-quvvat berdi. Shuningdek, to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbiriga yo‘llanmani qo‘lga kiritishim meni juda quvontirdi. Nasib etsa, «Parij-2024» Paralimpiya o‘yinlarida ham shohsupaga ko‘tarilib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelaman.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston sportchilari Kobe shahri mezbonligida o‘tgan jahon chempionatida o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Endi para atletlarimizdan Parij shahrida bo‘ladigan XVII Paralimpiya o‘yinlarida ham ulkan muvaffaqiyatlar kutib qolamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA