O‘zbekiston va O‘mon: Biznes, fan, ta’lim, madaniyat hamda turizm sohalarida hamkorlik rivojlanadi

265

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiyni qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar o‘zaro savdo aylanmasi ko‘rsatkichi ikki davlatning salohiyatini ifoda etmasligini, tadbirkorlar o‘rtasida qo‘shma biznes loyihalarni faollashtirish lozimligini ta’kidladi.

Fan, ta’lim, madaniyat yo‘nalishlaridagi hamkorlik, mamlakatlarning turizm salohiyatidan yanada kengroq foydalanish bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlarni birlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.

Parlamentlararo muloqotni o‘zaro tashriflar orqali faollashtirish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari tegishli qo‘mitalari o‘rtasida tajriba almashish va yaqin aloqalarni o‘rnatish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida diplomat ikki tomonlama munosabatlarni bundan keyin ham yanada rivojlantirish uchun bor imkoniyat va salohiyatini ishga solishini bildirib o‘tdi.

N.Abduraimova, O‘zA