Ko‘pqavatli binolarning zilzilabardoshligi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? (+video)
Bugun yurtimizda qurilayotgan ko‘pqavatli uylar, osmonga qarasangiz do‘ppingiz tushadigan darajadagi baland imoratlar hech kimni hayratga solmay qo‘ydi. Kimdir 17-qavatda yashasa, yana kim uchundir 25-qavatda yashash qulay. Albatta, bunday imoratlar zamon talabidan, odamlar ehtiyojidan kelib chiqib qurilmoqda.
Ammo dunyoda sodir bo‘layotgan tabiiy ofatlar, yer silkinishi odamlarni ancha hushyor torttirib qo‘ydi. Endi odamlar yangi uy sotib olishdan oldin uning mustahkamligi, zilzilabardoshligiga qiziqadigan bo‘lishdi. Shu sababli davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan bino va inshootlarning seysmik xavfsizligi hamda zilzilabardoshligini ta’minlashga qaratilgan 18 ta hujjat imzolangan. O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar mamlakatimizda bino va inshootlarning zilzilabardoshligi, qurilish mexanikasi, geotexnika, muhandislik seysmologiyasi va seysmik xavf kabi yo‘nalishlarda tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirdi, sohaga yangicha yo‘nalishlar bilan yondashish imkonini berdi.
Fanlar akademiyasida Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti tomonidan “Bino va inshootlar zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizlikni ta’minlash, mexanikaning amaliy masalalari” mavzusidagi xalqaro miqyosda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda butun dunyoda dolzarb bo‘lib turgan bino va inshootlarning zilzilabardoshligi masalasi muhokama qilindi. Unda yurtimizdagi yosh olim hamda akademiklar, xorijdan kelgan professorlar, institut xodimlari, talabalar ishtirok etdi.
— O‘zbekistonda ko‘pqavatli binolardan tashqari qo‘shimcha baland binolarning qurilishi ayrim odamlar tomonidan qiziqarli kutib olinsa, ba’zilarda xavotir uyg‘otdi, — deydi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutining fazoviy inshootlar dinamikasi laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Muhammadali O‘sarov. —Chunki yurtimizda mustaqillikka erishgunimizgacha baland qavatli binolar barmoq bilan sanaydigan darajada kam bo‘lgan. Asosan 5-9 qavatli binolar qurilgan. Keyingi yillarda butun dunyoda 20-40 qavatli binolar qurilishi jadal o‘sdi. Ayniqsa, Xitoy, AQSH, Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda bu jarayon ancha rivojlangan. Bu davr talabi, shu sababli respublikamizda ham baland qavatli binolar qurilishiga astoydil kirishildi. Buni nazorat qilish uchun Prezidentimiz hamda Vazirlar Mahkamasining bir qancha qarorlari chiqqan. Mana shu qarorlarda institutlar, vazirliklar oldiga talay vazifalar yuklangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, har bir tashkilot, har bir xodim o‘zining yo‘l xaritalarini belgilab olgan. Ana o‘sha yo‘l xaritalari bo‘yicha bir qancha ilmiy loyihalar amalga oshirilyapti.
Shuningdek, tadbir davomida bino hamda inshootlar sohasida hamkorlikda ishlayotgan tashkilotlarning bajarayotgan ishlari muhokama qilindi. Xorijdan kelgan olimlar yosh olimlarni o‘zlarining ishlari bilan tanishtirib, tajriba almashishdi.
N.Rahmonova, O‘zA