“Ipak yo‘li” jamg‘armasi Prezidenti Buxoroda
Xitoy Xalq Respublikasining “Ipak yo‘li” jamg‘armasi Prezidenti Say Syuetszyun boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi.
Delegatsiya vakillari viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shaxriyorov hamrohligida dastlab “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki loyihasi amalga oshirilayotgan hududni ko‘zdan kechirdi.
Mehmonlarga Buxoro aholisi uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratish va zamonaviy servis xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida hamda qadimiy me’morchilik an’analariga hamohang ravishda barpo etiladigan “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki loyihasi haqida batafsil so‘zlab berildi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari boqiy shaharning tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, qadimiy Arabon ko‘chasidan boshlagan sayohat davomida mehmonlar qadimiy toqlar, Poyi Kalon majmuasi, Buxoro gilamchilik markazi, Ark qo‘rg‘oni, Somoniylar maqbarasi, Labi Hovuz ansamblini hayrat va havas bilan tomosha qildi. Hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalaridagi qizg‘in ish jarayoniga guvoh bo‘ldi.

Mehmonlarga tarixiy qadamjolar, yodgorliklarning tarixi, ushbu manzillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, tarixiy yodgorliklarning qayta tiklanib, nafaqat respublikamiz hududlaridan, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlardan har yili tashrif buyurayotgan minglab sayyohlar uchun ham e’tiborga sazovor joyga aylanganligi haqida so‘zlab berildi.

Xitoy Xalq Respublikasining “Ipak yo‘li” jamg‘armasi Prezidenti Say Syuetszyun Buxorodagi madaniy meros ob’ektlari asl holida saqlanganligi, Buxoro aynan boy tarixi, betakror madaniyati bilan jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shganligini e’tirof etdi. Shu bilan birga Buxoro xalqining mehnatsevarligi, ijodkorligi va mehmondo‘stligi har qadamda sezilib turishini, bu yerda turizm va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi. “Ipak yo‘li” jamg‘armasi bu boradagi tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun: “Ipak yo‘li” jamg‘armasi infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi, savdo hamkorligini rivojlantirishga yordam beradigan va “Bitta kamar va bitta yo‘l” tashabbusi doirasida moliyalashtiriladigan Xitoy investitsiya fondidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri