Axborot xizmatlari – 2024: milliy va xorijiy tajriba

398

Poytaxtimizdagi «Tashkent International» mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar vazirlik va idoralari matbuot kotiblarining «Axborot xizmatlari – 2024: milliy va xorijiy tajriba» mavzucida qo‘shma o‘quv-seminari o‘z ishini boshladi.

Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekistondagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 120 nafardan ortiq matbuot kotibi ishtirok etmoqda.

O‘quv-seminar Hukumatning tegishli farmoyishiga binoan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Axborot xizmatlari faoliyatida erishilgan samaradorlik, ijobiy natijalarni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar vazirlik va idoralari matbuot kotiblariga taqdimot qilish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish va muloqot maydonini yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.

O‘quv-seminarida AOKA direktori Asadjon Xodjayev ishtirokchilarni qutlar ekan, turkiy mamlakatlar bilan har tomonlama, shu jumladan, axborot sohasida aloqalarni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim jihatlaridan biri ekanligini ta’kidladi.

– Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish, xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekt sifatida rolini oshirish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish, an’anaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan, – dedi AOKA direktori Asadjon Xodjayev.– Xususan, turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim jihati hisoblanadi. Turkiy davlat tashkiloti bilan hamkorlikning faollashuvi yurtimiz uchun qo‘shni davlatlar bilan ham, mintaqadan tashqaridagi yangi hamkorlar bilan ham ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Tadbirda, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti ekpertiAlmagul Serikbayeva, Ozarbayjon Audiovizual kengashi raisi Ismat Sattarov, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi Axborot qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Aksholpan Marat, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar so‘zga chiqib, qo‘shma seminarning ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

E’tirof etilganidek, ommaviy axborot vositalari va media-makonda axborot yetkazish va tarqatish jarayonlari, tahliliy murojaat, tanqid, chaqiruv hamda munozarali vaziyatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirishda davlat organlari va tashkilotlarning axborot xizmatlari g‘oyatda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini oshirish, shuningdek, ularning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini va axborot xizmatlari faoliyatining samaradorligini tubdan yaxshilash borasida keskin ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda.

O‘tgan davrda AOKA tomonidan vazirlik va idoralar matbuot kotiblari uchun yurtimizning yetakchi trenerlari, «Vikipediya», «Meta» va boshqa nufuzli xalqaro kompaniya vakillari va ekspertlari ishtirokida dolzarb mavzularda ko‘plab seminar-treninglar, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

2022 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli Farmoni bilan joriy qilingan «Ochiqlik indeksi»da matbuot kotiblarining faoliyati ham o‘z aksini topmoqda. Aytish kerakki, 2023 yil yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan baholangan jami 131 ta tashkilot va idoraning 29 nafar matbuot kotibi (22,1%)ning ish natijalari yuqori, 59 nafari (45%)niki o‘rta darajada baholangan bo‘lsa, 39 nafari (29,8%)niki qoniqarli, 4 nafari (3,1%)ning faoliyati past darajada, deb topildi.

Mamlakatimizda davlat organlari va idoralari, tashkilot, muassasalarning xalq oldida hisobdorligini ta’minlash, ochiq va shaffof ma’lumotlar muntazam taqdim etilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida AOKA tashabbusi va hamkorligida media-reja asosida kunlik matbuot anjumani, brifinglar o‘tkazilishi, inqirozli vaziyatlar yuzasidan tezkor tadbirlar tashkil etilishi Axborot xizmatlari ishini tubdan yaxshilashga, takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

2023 yilda faqatgina AOKA va Milliy matbuot markazida 276 ta matbuot anjumani, 305 ta brifing tashkil etildi.

Alohida qayd etish kerakki, Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati chuqur o‘ylanganligi, pragmatik va aniq yechimlarga asoslanganligi, demokratik ruhda fuqarolarning ehtiyoj va manfaatlariga javob berishi bilan xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda tili, dini va qalbi bir-biriga chambarchas bog‘langan turkiy xalqlarning o‘zaro jips va hamkorligi, turli masalalar yuzasidan birgalikda ish ko‘rishi muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonlarda Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda.

Turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim jihati hisoblanadi. Turkiy davlat tashkiloti bilan hamkorlikning faollashuvi yurtimiz uchun qo‘shni davlatlar bilan ham, mintaqadan tashqaridagi yangi hamkorlar bilan ham ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Turkiy davlatlar tashkiloti a’zo mamlakatlar bilan nafaqat o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki axborot sohasida birgalikda rivojlanish, davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini ta’minlash, turli feyk va dezinformatsiyalarga birgalikda kurashish masalalarida ham doimiy ish olib borilmoqda. Jumladan, o‘zbekistonlik jurnalistlar Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bo‘lib, «O‘zbekiston — umumiy uyimiz», «Ko‘ngil obodligi», «Turist bilan bir kun»; «Bag‘rikeng diër», «Madaniy hayot» kabi teleradio dasturlar orqali Turkiy Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ishlari yuzasidan ma’lumotlar berib borilmoqda.

O‘zaro hamkorlik natijasida «O‘zbekiston kabel televideniyesi»da «AZTV» (Ozarbayjon), «QAZAQSTAN» va «XABAR 24» (Qozog‘iston), «TRT AVAZ», «TRT HABER», «TRT MÜSİK» (Turkiya) telekanallari efirga uzatilmoqda. «Turkmaniston» (Turkmaniston) va «Obestvennыy pervыy kanal» (Qirg‘iziston) telekanallarini O‘zbekistonda tarqatish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar doirasida imzolangan kelishuvlarga ko‘ra, «Turkiy dunyoning 100 odami» va «Turkiy dunyoning muqaddas makonlari» singari davriy tarixiy loyihalar hamkorlikda tayyorlandi. Xususan, «Turkiy adabiyot xazinasidan», «Qo‘qon xonligining Turkiy xalqlar davlatchiligi rivoji va madaniy merosda tutgan o‘rni», «Turkiy adabiyot durdonalari», O‘zbekiston — Turkiya: ilmiy-tahliliy markazlar hamkorligi» kabi mavzular keng yoritildi.

O‘quv-seminarida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning Axborot xizmatlari faoliyati taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirlar dasturiga ko‘ra, «Media makonda milliy manfaatlar himoyasini tashkil qilishda axborot xizmatining vazifalari hamda inqirozli vaziyatlarda jamoatchilik aloqalarini yo‘lga qo‘yish», «Zamonaviy media makonda axborot uzatishda sun’iy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar platformalaridagi yangi imkoniyatlar» kabi mavzularda media-treninglar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

N.Usmonova, O‘zA