Bugun, 28 may kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida “Sohibqiron kubogi” VI xalqaro turniri boshlanmoqda.

Joriy yilning 5 iyuniga qadar davom etadigan musobaqalar shveysarcha tizimda tashkil etiladi. Musobaqa 9 turdan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar ikkita guruhda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

Xalqaro turnir nizomiga muvofiq, asosiy guruhda 1800 va undan yuqori reyting ochkosiga ega shaxmatchilar ishtirok etsa, ikkinchi guruhda 1799 va undan past reytingga ega shaxmatchilar o‘z omadi va tafakkurini chig‘iriqdan o‘tkazadi. Aytish lozim, “Sohibqiron kubogi” VI xalqaro shaxmat turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 20 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Musobaqalarda yurtimiz shaxmatchilari qatori bir qator davlatlardan mahoratli “aql gimnastikasi” sohiblari qatnashish uchun talabnomalarni taqdim etgan.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA