“Go On travel magazine” jurnalining Oʻzbekiston haqidagi maxsus soni eʼlon qilindi

Janubiy Koreya Respublikasining “Go On travel magazine” nashrida dunyoning turistik shaharlaridan olingan betakror suratlar va bir-birini takrorlamaydigan qiziqarli maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi.
Oyda bir marta chop etiladigan ushbu jurnalning tiraji oʻttiz mingta boʻlib, nashr maʼlumotlari 500 mingdan ortiq elektron axborot manbalari orqali keng ommaga yetkaziladi. Bu jurnalni mamlakatdagi jamoat joylarida, xususan, mehmonxona, kafe, shifoxona, temir yoʻl vokzallaridan ham topish mumkin. Nashr Janubiy Koreyadagi “Korean No.1”, “Naver”, “Ilyo-Seoul”, “Travel-Chosun” va boshqa yirik biznes kompaniyalar uchun ishonchli va asosli maʼlumotlar manbasi boʻlib xizmat qiladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmatining xabar terishicha, ushbu jurnalning noyabr oyidagi sonida Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi tarixiy obidalar haqida batafsil maʼlumotlar oʻrin olgan. Materiallarda Oʻzbekiston oʻzining necha ming yillik boy, qadimiy tarixi, arxitektura yodgorliklari va madaniyati, betakror tabiati bilan dunyo sayyohlari oʻziga jalb etib kelinayotgani haqida fikrlar bildirib oʻtilgan.

 

I.Avvalboyev, OʻzA