Qanday hollarda apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat yoki protest berilmaydi?

Ayni paytda oʻz ishini davom ettirayotgan Oliy sud plenumi majlisida “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi muhokama qilindi. 
Mazkur qaror yangi tahrirda qabul qilingan Fuqarolik protsessual kodeksi normalarini amaliyotda bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash, bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Fuqarolik ishini apellyatsiya va kassatsiya tartibida qayta koʻrish – sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish huquqini taʼminlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
– Fuqarolik protsessual kodeksida apellyatsiya, kassatsiya shikoyati va protesti berish huquqiga ega shaxslar hamda subyektlar koʻrsatilgan, – deydi Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov. – Qonunga muvofiq, apellyatsiya shikoyati sudning hal qiluv qarori ustidan hal qiluv qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida, kassatsiya shikoyati esa, u qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati berish va protest keltirish muddati oʻtishining boshlanishi, tegishlicha hal qiluv qarori chiqarilgan yoki qonuniy kuchga kirgan kunning ertasidan hisoblanadi.
Plenum qarori loyihasida qonunda sudlarga apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti boʻyicha muayyan istisnolar belgilangani toʻgʻrisida tushuntirish berilgan.
Xususan, sud buyrugʻi, qonunda shikoyat qilinishi nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga toʻsqinlik qilmaydigan, shuningdek, ish muhokamasini keyinga qoldirish haqida, shu jumladan, nikohdan ajratish haqidagi ishlar boʻyicha er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlanishi munosabati bilan chiqarilgan birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat yoki protest berilmaydi.

 

N.Abduraimova, OʻzA