“Jannat guli” haqida eshitganmisiz? Yurtimizda ana shunday oʻsimlik oʻsib, gullamoqda. Balki uning ilmiy nomi boshqachadir, biroq xalq orasida ana shunday nom olgan buta yurtimizning janubiy hududlarida koʻpaytirilmoqda.
Barglari juda kichkina boʻlsa-da, gullari sariq va koʻrkam. U erta bahordan kech kuzga qadar gullab turadi. Boʻyi 2-3 metrgacha oʻsadigan bu oʻsimlik koʻp yillik hisoblanadi.
Ayni vaqtda jannat gulini boshqa viloyatlarda ham koʻpaytirish uchun issiqxona sharoitida sinovdan oʻtkazilmoqda.
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining tajriba issiqxonasida koʻplab ana shunday noyob va dorivor oʻsimliklar koʻpaytirilmoqda.
– Koʻrib turganingizdek, tajriba-issiqxonamizda 30-40 turdan ortiq noyob manzaralari daraxtlar va butalar urugʻidan koʻpaytiriladi, – deydi ilmiy izlanuvchi Munira Inomova. – Ular dunyoning turli mamlakatlaridan keltirilgan boʻlib, yurtimiz iqlim sharoitiga moslashtiriladi. Tajribalar oʻtkazamiz. Zararkunanda va kasalliklardan xoli hududda oʻstirilgan qalamchalar, ochiq dalalarda tezroq oʻsadi. Shahar va qishloqlarni koʻkalamzorlashtirishda keng foydalaniladi.
Hozirda kiparis, zangori archa, piramidasimon dub, oq qayin, razmarin, palma, yapon behisi, metasekvoya, sekvoyya, yapon soforasi kabi noyob daraxt va buta turlarini mahalliy sharoitda koʻpaytirish yoʻlga qoʻyildi. Ularning asosiy qismi qalamchalardan koʻpaytirilsa, Qrim qaragʻayi, shumtol kabi daraxtlar urugʻidan koʻpaytirilmoqda. Suv tanqis, shoʻr yerlarga sofora, quyosh koʻp tushmaydigan, soya joylarga lavr, sliva pisarda, kashtan kabi daraxt turlarini ekishga tavsiya qilamiz.
Shunday oʻsimliklar ham bor-ki, ular kompyuterda ishlovchi, uy-roʻzgʻorda qoʻllaniladigan elektr asboblarini koʻp ishlatadigan shaxslarni elektromagnit maydoni taʼsiridan saqlaydi, masalan, kaktus, semizoʻt, kalanxoye va boshqalar.
Tajriba issiqxonasidagi boʻta, gul va daraxtlar bilan tanishib chiqar ekanmiz, qator idishlarda turgan nihollar eʼtiborimizni tortdi.
Mutaxassislar bu oʻsimlikning nomi mushki anbar boʻlib, BAAdan olib kelingani haqida aytishdi. Hozirda yurtimiz iqlimga moslashtirilayotgan bu oʻsimlik yiliga 3-4 marta gullar ekan.
Eng qizigʻi, bu chiroyli gullar kechki soat beshdan ertalabga qadar ifor taratar, kunduz kuni esa hidi yoʻqolar ekan. Ana shu gulni yurtimizning barcha hududlarida koʻpaytirish, ortiqchasini esa Dubayga eksport qilish moʻljallanayotgan ekan. Hozircha mushki anbardan bir ming ikki yuzta qalamcha tayyorlanibdi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA