Oʻzbekistonda dzyudo kuni nishonlandi

28-oktabr butun jahon boʻylab dzyudo kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasida ham ushbu bayram keng nishonlandi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.
500 nafardan ortiq sportchini qamrab olgan tadbirda terma jamoa murabbiyi Farhod Toʻrayev, oʻzbek dzyudosi yulduzlari Diyorbek Oʻrozboyev, Gʻiyos Boboyev, Gulnoza Matniyozova, terma jamoamizning boshqa aʼzolari, yosh dzyudochilar, ishtirok etishdi. Tajribali sportchilarimiz boʻlajak polvonlarga mahorat saboqlarini oʻtkazishdi, ular bilan suhbatlashishdi. Chempionlarimiz bolajonlarga muvaffaqiyatga erishish sirlari haqida gapirib berdilar.
Albatta, sportning ommalashishida bunday tadbirlarning oʻrni katta. Aslida dzyudo kunini oʻtkazishdan maqsad – sportning ushbu turini targʻib qilish, ommalashtirish, aholini dzyudoga qiziqtirishdan iboratdir. Tashkilotchilar ushbu tadbir orqali oʻz maqsadlariga erishdilar deb bemalol aytishimiz mumkin.
OʻzA