Prorektorlar uchun innovatsion menejment saboqlari boshlandi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taʼlim jarayoniga innovatsion metodikalarni joriy etish, oʻquv dasturlarini ishlab chiqarish bilan hamohangligini taʼminlash maqsadida “Innovatsion menejment” oʻquv-seminari boshlandi.
Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish seminarida ilmiy ishlarni tizimli olib borish, talabalar oʻrtasida innovatsion gʻoyalarni tatbiq etish yuzasidan maʼlumotlar beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12 yanvardagi “Ilmiy-innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham ilmiy va oliy taʼlim muassasalari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalari masʼul rahbarlari va mutaxassislari uchun innovatsion menejment boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilishi belgilangan.
Innovatsion menejment – bu innovatsion jarayonlar, innovatsion faoliyat, bu faoliyat bilan band boʻlgan tashkiliy tuzilmalar va ularning xodimlarini boshqarish tamoyillari, usullari va shakllarning majmuasidir.
Besh kunlik oʻquv-seminarida innovatsiya va yaratuvchanlik, innovatsion loyihani tashkil qilish uslublari va usullari, xavfni baholash va minimallashtirish, innovatsion tadbirkorlik va moliyalashtirish kabi yoʻnalishlarda saboqlar beriladi.

 

B.Meliqulova, OʻzA