Qoraqalpogʻiston Respublikasida joriy yilda byudjetga 1 trillion soʻm qoʻshimcha daromad tushirish imkoni bor

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida byudjetga qoʻshimcha daromad tushirish manbalarini aniqlash va ularni undirish masalalariga bagʻishlangan majlisda bu alohida taʼkidlandi.
Hozirda byudjetga qoʻshimcha daromad tushirish manbalarini aniqlash va uni undirish boʻyicha shtab faoliyat olib bormoqda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Moliya vazirligi va soliq qoʻmitalarining hamkorlikdagi qoʻshma qarorlari asosida 4 ta yoʻnalish boʻyicha shahar va tuman ishchi guruhlari tashkil qilinib, ularga aniq vazifalar belgilab berilgan.
Joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida byudjetga jami 1 trillion 709 milliard soʻm tushgan boʻlsa, shu davr ichida qaror asosida belgilangan byudjet prognoziga qoʻshimcha 656 milliard soʻmlik tushum amalga oshirildi. Ushbu qoʻshimcha daromadlardan bugungi kunga qadar 401 milliard soʻmlik mablagʻ aholi farovonligi yoʻlida sarflangan. Jumladan, 225 milliard soʻm ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilish va ularni inventarlar bilan taʼminlashga, shundan, 9 milliard soʻm tibbiy asbob-uskunalarga, 44,5 milliard soʻm “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlarida belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga, 20,5 milliard soʻm Nukus harbiy gornizonidagi obyektlarning rekonstruksiyasi uchun, 12,2 milliard soʻmi Qoʻngʻirot tumanidagi “Qoraqalpogʻiston“ posyolka fuqarolar yigʻini hududidagi ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilish va ularni inventarlar bilan taʼminlashga, 48,8 milliard soʻm aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratishga oid muammolarni yechishga, 10,4 milliard soʻm aholining yordamga muhtoj qatlamini turar joylar bilan taʼminlashga ishlatilgan.
Yigʻilishda shuningdek, ayrim kamchiliklarga toʻxtab oʻtildi, xususan, Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl, Beruniy, Xoʻjayli, Chimboy tumanlarida, Nukus shahrida qator subyektlarning roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat olib borayotganligi, baʼzi obyektlarning kassa apparatlari bilan taʼminlanmaganligi, Qoʻngʻirot, Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Beruniy, Taxiatosh va Qoraoʻzak tumanlarida byudjet oldidagi soliq qarzdorligi yil boshiga nisbatan oʻsib ketganligi tanqid qilindi.
Majlisga Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari O.Rustamov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari A.Mavlanovlar ishtirok etdi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA