Test rejimida “Geoinfocom” davlat unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan “MULOQOTLAR RЕYESTRI” – davreestr.uz, gosreestr.uzishga tushirildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlarini mustahkamlash, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, chet el investitsiyalarini faol jalb etish va investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning koʻlami va samaradorligi nafaqat mamlakatimizdagi investitsion faollikning ortishi bilan, balki nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklari tomonidan berilayotgan munosib baho bilan ham oʻz isbotini topmoqda.
Xususan, soʻnggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012-yildagi 166-oʻrindan 2017-yilda 74-oʻringa koʻtarildi. Bundan tashqari, soʻnggi hisobotda mamlakatimiz biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish koʻrsatkichi boʻyicha islohotchi mamlakatlarning birinchi oʻntaligidan joy oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi “Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror ijrosini taʼminlash maqsadida test rejimida “Geoinfocom” davlat unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan “MULOQOTLAR RЕYESTRI” – davreestr.uz, gosreestr.uzishga tushirildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, ushbu qarorga asosan tuzilgan “Yoʻl xaritasi”da Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar ham belgilangan boʻlib, ayni paytda qoʻmita tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi
Axborot xizmati
OʻzA