Maʼlumki, shu kungacha yurtimizda nevrologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash va profilaktika tadbirlarini tashkillashtirish, bu yoʻnalishda ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish mumkin boʻlgan yagona markazlashgan tizim mavjud emas edi. Bu esa nevrologik kasalliklar koʻrsatkichi tobora oʻsib borishiga ham sabab boʻlayotgandi.
Shu bois aholiga nevrologik yordam koʻrsatish xizmatlarini takomillashtirish hamda ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatish turlarini kengaytirish maqsadida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30 avgust kuni “Aholiga nevrologik yordam koʻrsatish xizmatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur huquqiy hujjatga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil qilindi. Endilikda markaz nevrologik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning yagona vertikal tizimini yaratish, davlat tibbiyot tashkilotlarining nevrologiya boʻlimlarini tashkiliy-uslubiy boshqarish, eksperimental va klinik nevrologiya sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida kompleks ilmiy-amaliy tadqiqotlarni va nevrologik kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlashga doir izlanishlar bilan shugʻullanadi. Shuningdek, hujayra va gen terapiyasiga doir innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish, skrining tadqiqotlarini tatbiq qilish hamda insult, epilepsiya va boshqa keng tarqalgan nevrologik kasalliklar qayd etilgan bemorlarni roʻyxatga olish, nevrologiya va neyroreabilitologiya sohasida ishlovchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha mutaxassislari uchun seminar-treninglar, mahorat darslarini oʻtkazish va bunda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan holda faoliyat yuritadi.
Kuni kecha yangi tashkil etilgan mazkur tibbiyot markaziga Abdufarrux Karimov direktor etib tayinlandi. Taʼkidlash joizki, 42 yoshli tibbiyot fanlari nomzodi A.Karimov uzoq yillar davomida Rossiya va Amerika Qoʻshma Shtatlarining qator nufuzli davolash muassasalari va klinikalarida neyroxirurg sifatida faoliyat koʻrsatish bilan birga, malaka oshirib, ilmiy izlanishlar olib borgan. Rus va ingliz tillarini mukammal oʻzlashtirgan.
Maʼlumot uchun A.Karimov bunga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining neyroxirurgiya boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati
OʻzA