Qirgʻiziston Respublikasining Cholpon-Ata shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarining ikkinchi kunida sportchilarimiz qozoq kurashi, pahlavani (Eron kurashi), goresh (Turkmaniston kurashi) va lochin ovi va tayganlar yugurishi, mas-restling boʻyicha bahslarga kirishgani haqida maʼlum qilgan edik.
Oʻyinlarda qozoq kurashi boʻyicha 20 ta davlatdan 56 nafar sportchi ishtirok etib, murosasiz kechgan bahslarda yurtdoshlarimiz Sarvar Ikromov (-90 kg) kumush medalni qoʻlga kiritdi. Goresh (Turkmaniston kurashi) boʻyicha boʻlgan bahslarda esa Sherzod Rahimov mutlaq vazn toifasida bronza medaliga sazovor boʻldi.
Lochin ovi va tayganlar yugurishi boʻyicha bahslarda dunyoning 10 ta davlatidan 25 nafar sportchi ishtirok etib, lochinda ov yoʻnalishida yurtdoshimiz Denis Soy bronza medalini qoʻlga kiritdi.
27 ta davlatdan 127 nafar nafar sportchi ishtirok etgan mas-restling boʻyichabahslarda vakillarimiz salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritishdi. Ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda Regina Mulyasheva (-55 kg) kumush, Madina Eliyeva (-125 kg) bronza medalini qoʻlga kiritishgan boʻlsa, erkak sportchilarimiz Islom Abdumalikov (-60 kg), Ilyos Kadirov (-90 kg), Nasim Radjabov (-125 kg) bronza medaliga sazovor boʻlishdi.
Eslatib oʻtamiz, 2 sentabrdan 8 sentabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi medallar uchun bahs olib bormoqda. Oʻzbekiston delegatsiyasi 13 ta sport turi boʻyicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.
O’zA