OSIYO OʻYINLARI. Sportchilarimiz ulkan zafarlar bilan qaytdi

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilari 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 ta medalni qoʻlga kiritib, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytib keldi.
IMG_20180902_162340_101.jpg
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.
IMG_20180902_162338_078.jpg
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning samarasida Oʻzbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida tanildi. Xususan, qitʼa miqyosida oʻtkaziladigan har toʻrt yillikning nufuzli musobaqasi – Osiyo oʻyinlarida sportchilarimiz muntazam yuqori natijalarga erishmoqda.
IMG_20180902_162332_855.jpg
Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan tashkil etilgan bu galgi musobaqada 232 nafar hamyurtimiz sportning 30 turi boʻyicha mamlakatimiz sharafini himoya qildi.
IMG_20180902_162331_295.jpg
Oʻzbekiston sportchilarining qitʼamizning eng nufuzli musobaqasida muvaffaqiyatli qatnashishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi Oʻzbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisidagi qarori muhim omil boʻldi. Mazkur hujjat ijrosini taʼminlash yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga koʻra, sportchilarimizning zamonaviy meʼyorlar asosida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
IMG_20180902_162329_606.jpg
Osiyo oʻyinlarida Yaponiyaning Tokio shahrida boʻladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida Vatanimiz shaʼnini himoya qiladigan sportchilarimizning imkoniyati va salohiyati sinovdan oʻtkazildi. Indoneziyada qayd etilgan natijalar oʻzbekistonlik murabbiylar va mutaxassislar sportchilarni Olimpiadaga tayyorlashni toʻgʻri yoʻlga qoʻyganini koʻrsatdi. Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan medallarning aksariyati Olimpiada dasturidagi sport turlari boʻyicha ekani fikrimiz dalilidir.
IMG_20180902_162326_883.jpg
– Osiyo oʻyinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilarimizga havasim keldi va ularni kutib olgani Margʻilon shahridan keldim, – deydi fargʻonalik tadbirkor Akmal Madvaliyev. – Ularning muvaffaqiyatini koʻrib, men ham farzandlarimni sportchi qilmoqchiman. Nasib qilsa, bolalarim ular kabi mahoratli sportchi boʻlib, yurtimiz bayrogʻini xalqaro maydonlarda koʻkga koʻtaradi. Ular bunday yuqori marralarni zabt etishi uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yetarli.
IMG_20180902_162324_508.jpg
Jakarta va Palembang shaharlarida erishilgan yuqori natijalar asnosida mamlakatimizda xotin-qizlar oʻrtasida sport tobora ommalashib borayotgani, sportning qizlarga mos turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor yuksak samara berayotgani namoyon boʻldi. Yengil atletikachimiz Svetlana Radzivil XVIII Osiyo oʻyinlarining balandlikka sakrash bahslarida Osiyo rekordini yangilab, oltin medalni qoʻlga kiritgani buning isbotidir.
– Osiyo oʻyinlarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, Vatanimizga yorugʻ yuz bilan qaytib kelganimizdan baxtiyormiz, – deydi yengil atletikachi Svetlana Radzivil. – Biz minglab sport muxlislari, xalqimizning ishonchi va qoʻllab-quvvatlashini his qilgan holda bellashuvlarga kirishdik. Osiyo oʻyinlaridagi muvaffaqiyatimiz mamlakatimizda sportni rivojlantirish, nufuzli sport musobaqalarida munosib ishtirok etish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
Ha, sportchilarimiz joriy yilgi Osiyo oʻyinlarida oʻz mahorati, tajriba va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Bu mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik samarasida oʻzbek sportining yorqin kelajagini taʼminlashga qodir sportchilar tarbiyalanayotgani, ularni kelgusida yanada yuksak gʻalabalar kutib turganidan dalolatdir.
Tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov soʻzga chiqdi.

 

Javohir Toshxoʻjayev, Muhammad Amin (surat), OʻzA