Toshkent shahar hokimiyatida Amerika Qoʻshma Shtatlarining Sietl shahridan kelgan delegatsiya aʻzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Mehmonlarni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxoʻjayev tomonidan qabul qildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad – Toshkent-Sietl birodarlik uyushmasining 45 yilligini nishonlash hamda Oʻzbekiston-AQSH oʻzaro doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iboratdir. “Toshkent – Sietl” yoʻnalishida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikni yuqori baholar ekan, J.Ortiqxoʻjayev amerikalik sheriklar bilan muloqotni mustahkamlab borish, shuningdek, konstruktiv ruhdagi hamkorlikni davom ettirish niyatini izhor etdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga Toshkentdagi Sietl bogʻi tez orada toʻliq rekonstruksiya qilinishi hamda poytaxtda “Tashkent City”, “Olmazor Business City” kabi zamonaviy ishbilarmonlik markazlari yanada koʻpaytirilishi haqida ham maʻlumot berildi.
Oʻz navbatida, amerikalik delegatsiya vakillari Oʻzbekistonda, xususan, Toshkent shahrida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadilar.
Delegatsiya vakillari uchrashuvdan soʻng Bobur parki hududida joylashgan “Sietl tinchlik bogʻi”da ham boʻldi.
Maʻlumot oʻrnida, Toshkent va Sietl shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalari 1973 yilda oʻrnatilgan. Uning doirasida ikki shahar oʻrtasida fan va madaniyat, taʻlim va sport, shahar xoʻjaligini boshqarish, turizmni rivojlantirish kabi sohalarda aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Toshkentdagi “Sietl Tinchlik bogʻi” 1988 yilda barpo etilgan. Sietl shahrida ham “Toshkent bogʻi” mavjud.