Mamlakatimizda qurilish va kommunal sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda. Mazkur ishlar jarayonida 2024 yilda jami 9 ta shahar, 43 ta shaharcha va 94 ta qishloqning bosh rejalari ishlab chiqildi.

Natijada, bosh rejalar bilan ta’minlash darajasi shaharlar bo‘yicha 97 foizga, shaharchalarda 25 foizga, qishloqlar bo‘yicha 22 foizga yetdi. Sohaga oid texnik-normativ hujjatlarni zamonaviy talablar asosida yangilash va xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish maqsadida 105 ta shaharsozlik norma va qoidalari, 56 ta standart hamda 4 ta texnik reglamentlar ishlab chiqildi.

Shuningdek, ish turlari, qurilish materiallari, mashina va mexanizmlari ko‘rsatkichlarining yagona bazasini o‘zida ifoda etgan “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlarning ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilindi va onlayn ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur ishlar xususida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov kuyidagilarni gapirib berdi.

– Mazkur klassifikatorga bugungi kunda 180 mingdan ortiq qurilish resurslari kiritilgan, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – “Yangi O‘zbekiston” massivlarida va aholi talabgor hududlarda 1 ming 984 ta zamonaviy ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Shuningdek, ushbu uylarni muhandislik-kommunikatsiyalar  bilan ta’minlash maqsadida 100 km avtomobil yo‘llari,  63 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 18 ta suv inshootlari, 68 km isitish tarmoqlari va 22 ta qozonxonalar, 208 km elektr tarmoqlari va 224 ta transformatorlar,  29 km gaz tarmoqlari va 16 ta gaz taqsimlash punktlari barpo etildi. Energiya tejamkor texnologiyalar, materiallar va loyiha yechimlaridan samarali foydalangan holda ijtimoiy soha ob’ektlarining 20 tipdagi namunaviy loyihalari ishlab chiqildi.

Ushbu zamonaviy loyihalar 404 ta ijtimoiy soha ob’ektlarida qo‘llanildi. “Shaffof qurilish” tizimi orqali 23 mingga yaqin ob’ekt loyihasi ekspertizadan o‘tkazildi va natijada salkam 8 trillion so‘m mablag‘ loyihalarning smeta qismidan iqtisod qilindi. Shuningdek,  “Shaffof qurilish” platformasi orqali 13 mingdan ortiq ob’ektlar bo‘yicha loyiha va pudrat tashkilotlarini aniqlash uchun onlayn elektron tenderlar o‘tkazildi. Natijada, 614 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi.

“Reyting elektron platformasi”ning mezonlari va ko‘rsatkichlari takomillashtirildi va ushbu reytingga kiritilgan qurilish tashkilotlari soni 17 mingdan ortib, loyiha tashkilotlari soni 2300 taga yaqinlashdi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish Dasturi doirasida 2 ming 444 ta ob’ektda davlat byudjeti hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.

Natijada 709 ta maktabgacha va maktab ta’limi, 10 ta oliy ta’lim, 140 ta tibbiyot, 32 ta sport, 7 ta madaniyat, 2 ta ilmiy muassasa, 77 ta ichimlik suvi, 8 ta issiqlik ta’minoti, 82 ta yo‘llar va ko‘priklar, 166 ta irrigatsiya va melioratsiya hamda 180 ta boshqa soha ob’ektlari foydalinishga topshirildi.

Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 1 ming 571 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarida qurilish, ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi. Boshqaruv tashkilotlari mablag‘lari hisobidan 9 ming 849 ta ko‘p kvartirali uylarda ta’mirlash ishlari olib borildi.

Natijada 2 ming 846 ta uyning tom qismi, 6 ming 975 ta kirish yo‘laklari, 3 ming 624 ta elektr shitlar, 1 ming 22 ta uyning ichki muhandislik tarmoqlari, 3 ming 833 ta yerto‘la qismidagi muhandislik tarmoqlari va 1 ming 159 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi. Shuningdek, 2 ming 75 ta kodli qulfli temir eshiklar, 317 ta kodli qulflar, 4 318 kv.m framuga romlar va 4 ming 279 ta sensorli lampalar o‘rnatildi.

Bundan tashqari, uylardagi 374 mingdan ortiq elektr xo‘jalik ob’ektlari xatlovdan o‘tkazilib, “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratildi. Shu asosda “qizil” toifadagi 108 mingdan ortiq shitlar mukammal ta’mirlandi. Ko‘p qavatli uylardagi eskirgan 528 ta lift yangi va zamonaviysiga almashtirildi.

Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar va ular xaqidagi ma’lumotlar jamlangan “Mening uyim” billing tizimi joriy qilindi. Hududlarda faoliyat yuritayotgan 498 ta qozonxona va 3 ming 500 km issiqlik tarmoqlaridan 16 mingga yaqin ko‘p qavatli uy va 4 mingdan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlariga 7,7 million gekakaloriya issiqlik energiyasi va issiq suv yetkazib berildi. Shuningdek, 14 ta investitsiya loyihasi doirasida 10 ta qozonxona va 68 km issiqlik tarmoqlarida qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarilib, 14 ta isitish qozonlari o‘rnatildi.

Jahon banki ishtirokidagi loyihalar doirasida 10 ta isitish qozonlari qurib bitkazildi, 56 km issiqlik tarmoqlari yangilandi hamda 1 ming 280 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatildi. Issiqlik tizimini qish mavsumiga tayyorlash doirasida 3 ta qozonxona, 736 ta qozon va 585 km issiqlik tarmoqlari ta’mirlandi.

Qolaversa, barcha dasturlar doirasida 292 ta mahallada jami 1 ming 342 km ichimlik suv tarmoqlari va 225 ta suv inshooti qurildi. Natijada 1,3 million nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi va 3 milliondan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA