Islohotlar natijasida sud-tergov amaliyotida insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan ilg‘or va samarali mexanizmlar yo‘lga qo‘yildi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bu jarayon yanada takomillashtirilmoqda.
Mazkur qonun bilan jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida joriy etilgan tergov sudyasi lavozimining huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.
Qonunchilikka tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash uchun tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish asoslari hamda tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar qonunning qabul qilinishi tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Majlisda “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining zimmasiga byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarining profilaktikasini ta’minlash, iqtisodiy jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘liq va xolisona tergov qilish sohasida qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
O‘z navbatida, qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga Departamentning jinoyat ishlari bo‘yicha tergovni yuritish borasidagi vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Byudjet kodeksiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat moliyaviy nazorati organlarining vakolatlari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining zimmasiga yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilayotgani alohida qayd etildi.
Majlisda tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA