O‘zbekistonning tarixiy shaharlari hamda Chimyon tog‘lari, Qizilqum cho‘li va Orol dengizi bo‘ylab ekologik, gastronomik va tibbiy-sog‘lomlashtirish turizmiga qiziqish bildirib kelayotgan sayyohlar orasida qo‘shni davlatlar fuqarolari ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Jumladan, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidan tashrif buyurayotgan turistlar shular sirasiga kiradi.
Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be shahrida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti o‘tkazildi. Unda ikki mamlakat turizm sohasining 40 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi. Tadbir Turizm qo‘mitasi, O‘zbekistonning Ostona shahridagi elchixonasi va Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari va madaniy-tarixiy merosi haqida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, Aqto‘be viloyati sayyohlik kompaniyalari vakillari O‘zbekistonning sayyohlik markazlari, noyob yo‘nalishlari, transport-logistika imkoniyatlari hamda mamlakatdagi mashhur turizm turlari bilan yaqindan tanishib chiqdilar.
Qozog‘istonlik turoperatorlar, ushbu mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga sayyohlik safarlarini tashkil etishga katta qiziqish bildirdi.
Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, O‘zbekiston butun Qozog‘istondan sayyohlarni jalb etish uchun o‘ziga xos imkoniyatlarga ega.
A.RUSTAMOV, O‘zA