Bu jarayonga tayyorgarlik qanday ketmoqda?

2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ya’ni, tergov sudyalari faoliyat boshlaydi.

Bu davlatimiz rahbarining 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.

Oliy sudda tergov sudyasi instituti joriy etilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar, tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov farmondan kelib chiqadigan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilishicha, farmon bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Manfaatdor idoralar bilan kelishilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tegishli shtatlar ajratilib, 2024 yilning 18 oktyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hozirgi kunda 236 nafar tergov sudyalari tayinlandi.

Oliy sud tomonidan xalqaro tashkilotlar ko‘magida tergov sudyasi instituti joriy etilgan ilg‘or xorijiy mamlakatlar, xususan, Sloveniya va Germaniya ekspertlari ishtirokida seminar-treninglar tashkil etildi.

Unda tergov sudyalari va prokurorlarning jinoyat protsessidagi vazifalari va majburiyatlari, sudga qadar ish yuritish jarayonlarida shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha Yevropa davlatlari tajribasi hamda bu boradagi sud amaliyoti to‘liq tushuntirildi.

Tergov sudyasi institutining mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rgatish maqsadida hududlarda uchrashuvlar, davra suhbatlari va mahorat darslari tashkil etildi. Hududlarda o‘tkazilgan malaka oshirish tadbirlarida sudyalar, tergovchilar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirok etdi.

Hozirgi kunda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi bilan birgalikda joylardagi sudyalar, tergovchi, prokuror, advokat va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bilim va amaliy ko‘nikmasini oshirish yuzasidan seminar mashg‘ulotlari rejasi ishlab chiqilgan.

2025 yilning 1 yanvar kuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ushbu tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

N.Abduraimova,

O‘zA