O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublika bo‘yicha elektr energiyasi va gazni tejashning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.

Qarorda energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash hamda har bir davlat korxona va tashkilotida energiya menejerlar shtatini joriy etish kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mazkur hujjatga asosan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Germaniya energetika agentligi (DENA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida energiya samaradorlik va energiya menejerlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish vazifasi belgilandi.

“DENA” bilan hamkorlikda mazkur institutda O‘zbekiston-Germaniya o‘quv markazi ochildi. Ushbu markazda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorlik sohasida mutaxassislar tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Jobir Ahadovning ta’kidlashicha, 2 dekabrdan boshlab ushbu o‘quv markazida Germaniyaning “DENA”, “RENAC” va “Eclareon” kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti.

– Mazkur kompaniyalar tomonidan energiya samaradorlik va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha Germaniya tajribasi asosida mutaxassislarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha treninglar tashkil etilmoqda. Jumladan, Qayta tiklanuvchi energiya akademiyasi (RENAC) mutaxassislari Frank Shillig va Fouzi Tabet tomonidan amaliyot darslari olib borilmoqda. Mashg‘ulotlarda mamlakatimizdagi sohaga doir oliygoh va ilmiy muassasalar mutaxassislari ishtirok etmoqda, – dedi J.Ahadov.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida JICA hamkorligida  institut trenerlari uchun Yaponiya tajribasiga asoslangan mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA