AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Szinpinni 2025 yil yanvar oyida o‘tkaziladigan inauguratsiya marosimiga taklif qildi, deb xabar bermoqda “BNN Bloomberg” nashri.

Tramp yaqinda “NBC” telekanaliga bergan intervyusida Si Szinpin bilan shu hafta ichida gaplashganini va Xitoy rahbari bilan “juda yaxshi til topishib ketganini” aytgandi. Oxirgi marta ikki yetakchi 2019 yil iyun oyida Yaponiyada bo‘lib o‘tgan G20  sammiti doirasida uchrashgan edi.

Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, odatda elchilar ishtirok etadigan AQSH prezidentining inauguratsiya marosimida 1874 yildan beri hech bir xorijiy davlat rahbari qatnashmagan.

Si Szinpin oxirgi marta 2023 yil noyabr oyida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitida ishtirok etish uchun AQSHga tashrif buyurgan va prezident Jo Bayden bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.

Ikki davlat rahbarlari odatda navbatma-navbat bir-birlariga tashrif buyurishadi va bu tendensiya davom etsa, endi Xitoyga tashrif buyurish gali AQSH rahbariga keladi, chunki amaldagi prezident Jo Bayden o‘z vakolati davomida Xitoyga tashrif buyurmagan.

Jo Bayden bilan so‘nggi uchrashuvida Si Szinpin o‘z hamkasbini Kommunistik partiyaning qudratiga putur yetkazish, iqtisodiy o‘sishni cheklash yoki Tayvan mustaqilligini rag‘batlantirishga qaratilgan har qanday harakatlardan ogohlantirgandi.

Donald Tramp o‘zining yangi ma’muriyatida bir qator asli xitoylik AQSH mulozimlarini iqtisodiyot va xavfsizlik bo‘yicha kotib etib tayinladi.

Avvalroq, Si Szinpin savdo va texnologiya urushlarida “g‘oliblar” bo‘lmasligini, rasmiy Pekin Vashington bilan muloqotni davom ettirishga va kelishmovchiliklarni bartaraf etishga doim tayyorligini bildirgan edi.

G.Sattorova, O‘zA