Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, shuningdek, avtomobilsozlik, neft-gaz, to‘qimachilik va boshqa ko‘plab sohalarda samarali natijalarga erishilmoqda.

Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga chet davlatlarda ham qiziqish ortmoqda.

20 noyabr kuni Turkmanobod shahrida ikkinchi Turkmaniston –O‘zbekiston mintaqalararo forumi doirasida «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston milliy stendida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan xalqaro standartlar va jahon bozorlari talabiga javob beradigan innovatsion yechimlar va yuqori sifatli mahsulotlar namoyish etildi, deyiladi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotida.

Tadbirda farmatsevtika yo‘nalishida mamlakatimizdan 10 ga yaqin korxona o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, ko‘rgazma ekspozitsiyasi kimyo, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, avtomobilsozlik, neft-gaz, to‘qimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal va oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

M.HOJIAKBAROVA, O‘zA