Bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘ztransgaz” AJ bo‘lim boshlig‘i Sobir Jo‘rayev magistral gaz quvurlari va muhandislik inshootlarini joriy kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Unda aytib o‘tilganidek, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan magistral gaz quvurlari va muhandislik inshootlarini 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida rejali tadbirlar amalga oshirilgan.

Xususan, Toshkent viloyatining 2 ta shahri va 4 ta tumanida yashovchi 100 000 dan ortiq aholi xonadoni va 2 000 dan ziyod ulgurji iste’molchining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. “Toshkent-1” gaz taqsimlash stansiyasida Qibray va Toshkent tumanlari tarmoqlarining gaz bosimini rostlash tugunlari alohida ajratildi. Natijada o‘tkazuvchanlik quvvati oshirilib, qish mavsumida har 2 tumanga belgilangan hajmda uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati yaratildi.

“Mega oil servis” gaz taqsimlash stansiyasiga keltiruvchi va shu joydan “Yangiyo‘l” stansiyasigacha 3 kilometrga yaqin gaz quvuri bunyod etilganligi sababli Yangiyo‘l shahri iste’molchilariga tabiiy gaz uzatish hajmi qariyb 2 barobar ko‘paytirildi.

– Shu bilan birga, “Quyoshli”, “To‘ytepa” gaz taqsimlash stansiyalariga keltiruvchi 5 kilometrlik quvurning almashtirilishi ortidan Zangiota aholisiga tabiiy gaz uzatish ishonchliligi ta’minlandi. Nurafshon tumaniga gaz uzatish quvvati 2,5 barobar oshirildi.

“Oqqo‘rg‘on” gaz taqsimlash stansiyasining gaz rostlovchi uskunalarining almashtirilishi esa Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlaridagi 18 500 dan ortiq aholi xonadoni va 300 dan ortiq ulgurji iste’molchi uchun gaz ta’minotini yaxshilash imkonini berdi. Urganch shahrida 68 000 ta aholi xonadoni va 2 800 ta ulgurji iste’molchiga tabiiy gaz uzatish hajmi va sifati oshirildi. Bunda “O‘ztransgaz” AJ tomonidan 1996 yilda ishga tushirilgan “Urganch” gaz taqsimlash stansiyasining rekonstruksiya qilinishi va 2 ta gaz filtri o‘rnatilganini alohida ta’kidlash lozim. Stansiyaga keltiruvchi 600 metr quvur tarmog‘i almashtirildi. Shuningdek, jamiyat tomonidan bu yil 2 ta gaz taqsimlash stansiyasi qurib foydalanishga topshirildi, – dedi S.Jo‘rayev.

Bu ishlar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “To‘rtko‘l” gaz taqsimlash stansiyasining yangi joyda qurilishi va zamonaviy uskunalar o‘rnatilishi tufayli tuman aholisiga tabiiy gaz uzatish ishonchliligi oshirildi. Namangan shahrida esa “Yangi O‘zbekiston” gaz taqsimlash stansiyasining qurilishi natijasida 3,5 mingdan ortiq yerli xonadon va yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar tabiiy gaz bilan ta’minlanmoqda.

Kuz-qishga tayyorgarlik davomida 427 ta gaz taqsimlash stansiyasining faoliyatini barqarorlashtirish maqsadida 1 700 ta bosim rostlovchi moslama, filtr va isitish qurilmalari tekshirilib, nuqsonlilari almashtirildi. 200 dan ortiq berkitish moslamasi ta’mirlandi.

Gaz transport tizimining samarali ishlashini ta’minlash uchun magistral gaz quvurlarida diagnostika ishlari bajarildi va 67 kilometrdan ortiq nuqsonli quvur almashtirildi. “Muborak-Yangiyer” quvurida 1,5 kilometr, “BGR-TBA-A” quvurida 2 kilometrdan ortiq, “Sho‘rtan – Sherobod” va “DBST” magistral gaz quvurlarining 1 kilometr nuqsonli qismi kapital ta’mirlangani shular jumlasiga kiradi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda qariyb 50 kilometr yangi quvur tarmog‘i qurildi. Shuningdek, magistral gaz quvurlari va kompressor stansiyalaridagi 10 mingtaga yaqin berkitish moslamasi taftish qilinib, nuqsonlari ta’mirlandi. Kompressor stansiyalaridagi 96 ta gaz haydash agregati ta’mirlandi.

Bundan tashqari, 2024 yilda gazni yer ostida saqlash inshootlariga 19 foiz ko‘p tabiiy gaz jamlandi. “Xo‘jaobod” gazni yer ostida saqlash inshootidagi 18 ta quduq ta’mirlandi. Magistral gaz quvurlarining elektr kimyoviy himoyasi yo‘nalishida 997 ta katodli himoya stansiyasi, 176 ta transformator va 700 kilometrdan ortiq havo tarmog‘i joriy ta’mirdan chiqarildi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA