Bugun Toshkentda Xalqaro paxta buyicha maslaxat qoʻmitasining 82-yalpi majlisi boshlandi.
1994 yildan boshlab paxta yetishtiruvchi mamlakatlarda har to‘rt yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan, hozirgacha Avstraliya, Gretsiya, Janubiy Afrika, AQSH, Hindiston, Braziliya, Misr kabi davlatlarida tashkil etilgan mazkur anjuman poytaxtimizda ilk bor “7 oktyabr – Jahon paxta kuni” munosabati bilan tashkil etildi. Anjuman Xalqaro paxta tadqiqotchilari uyushmasi (ICRA), Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) va Xalqaro paxta genomi tashabbusi (ICGI) tashkilotlari bilan hamkorlikda uyushtirilgan.
Tadbirda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi, xususan paxta yetishtirish va mahsulotni qayta ishlash yo‘nalishida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinib, erkin bozor tamoyiliga o‘tilgan. Klaster tizimi bosqichma-bosqich rivojlantirib borilyapti. Konferensiyaga birinchi marta mamlakatimiz mezbonlik qilayotgani, dasturga ko‘ra qator muhim tadbirlar o‘tkazilishi ham ayni jarayonning amaldagi tasdig‘idir.
– Mamlakatimiz dunyo bo‘ylab paxta yetishtirilishi monitoringini yuritadigan yirik tashkilot – Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasiga 1998 yil a’zo bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – So‘nggi yillarda sohaga raqamli texnologiya va sun’iy intellektni tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni yo‘nalishda to‘planayotgan ilg‘or tajriba batafsil tahlil etiladi. Dunyo miqyosidagi yetuk olimlar jalb qilinib, yangi uslublar tasdiqdan o‘tkaziladi. Tadbir doirasida paxtachilik rivojiga munosib hissa qo‘shgan mutaxassislarni mukofotlash ham an’anaga aylangan. Masalan, maslahat kengashi tavsiyasiga asosan, “Yil tadqiqotchisi” sovrini ham topshiriladi. Bugungi tadbirda ikki nafar olim taqdirlandi. E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston vakillari ham shunday mukofotga loyiq ko‘rilgan.
Ta’kidlash joiz, 2022 yil Misrda o‘tkazilgan “VII Jahon paxta tadqiqot konferensiyasi” (WCRC-7) yakunida navbatdagi anjumanni 2024 yil yurtimizda o‘tkazish tashabbusi ilgari surilib, yetuk xorijlik olimlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan edi.
VIII konferensiya (WCRC-8) dasturiga muvofiq, sohaning taniqli olimlari va ekspertlari paxtani yetishtirish va qayta ishlash, to‘qimachilik yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglanadi, munozaralar tashkil etiladi.
Muayyan davlatlarda paxtachilik va to‘qimachilik sanoati bo‘yicha tadqiqotlarda erishilayotgan so‘nggi yutuqlar bilan tanishtiriladi, o‘zaro tajriba almashiladi. Global iqlim o‘zgarishining g‘o‘za yetishtirishga salbiy ta’siri bilan bog‘liq mintaqaviy masalalar muhokama etilib, muammoning yechimi bo‘yicha aniq takliflar o‘rtaga tashlanadi, tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, maxsus taqdimotlar yordamida jahon miqyosida erishilgan so‘nggi yutuqlar, sohaga joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalar xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola qilinadi.
Mazkur tadbirlarda qatnashish uchun 430 nafardan ziyod xorijlik, 200 ga yaqin mahalliy olim, shuningdek 177 paxta-to‘qimachilik klasteri va korxonasi vakili to‘plangan.
– Asosiy e’tiborni soha rivoji yo‘lidagi dolzarb masala – iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratyapmiz, – dedi Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi katta ilmiy xodimi Keshav Kranti. – Sohada dunyo bo‘ylab juda ko‘p ish qilinyapti. Shu bilan birga, alohida qayd etish kerak, O‘zbekiston paxtachilik sohasida yetakchi. Mamlakatingizning tabiiy o‘g‘itdan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyani iqlim o‘zgarishiga moslashtirgan holda joriy etish tajribasi tahsinga sazovor. Bu amaliyotni o‘zlashtirish va dunyo miqyosida tavsiya qilish lozim. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu.
Konferensiya doirasida iqlim o‘zgarishi, suvdan oqilona foydalanish, zararkunandalarga qarshi kurash kabi muhim mavzular bo‘yicha umumiy munozara orqali ekspertlar ko‘magida mahalliy sharoitga mosl yechimlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, paxtani tozalash va to‘qimachilik mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi innovatsiyalar bilan tanishtiriladi.
Umuman, mazkur anjuman paxta siyosatini takomillashtirish, xalqaro standartni qabul qilish, tarmoq haqida xabardorlikni oshirish, xom ashyo va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari uchun yangi bozorlarga yo‘l ochishga xizmat qiladi.
Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari