Mamlakatimizda IT xizmatlari va mahsulotlari eksporti so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘smoqda. Davlatning raqamli iqtisodiyotga o‘tishi, IT startaplarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorliklar ushbu sohani rivojlantirishga katta turtki bo‘lmoqda. Bugungi kunda o‘zbek dasturchilari xalqaro bozor uchun turli dasturiy ta’minot yechimlarini ishlab chiqmoqda. Ular ko‘plab sohalarda, jumladan, moliya, ta’lim va sog‘liqni saqlashda ishlatiladi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda 80 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi, ular orasida biznes vakillari, davlat xizmatchilari, blogerlar, OAV vakillari va boshqa soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
“Silkroad Innovation hub”da tashkil etilgan ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonning IT imkoniyatlari va mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berish, shuningdek, vatandoshlar orqali IT autsorsing sohasida AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan iborat.
Uchrashuvda O‘zbekiston IT xizmatlar va mahsulotlar eksportini 2030 yilga qadar 5 mlrd. dollarga yetkazish, O‘zbekistonni mintaqaviy IT Hubga aylantirish, yurtimizda IT ta’lim va kadrlar tayyorlashga sarmoya va grantlar jalb qilish maqsadida Amerika bozoriga kirishi masalalari muhokama qilindi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.
Shuningdek, tadbirda potensial investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ingliz tilini biladigan va IT sohasida dasturlash xizmatlarini ishlab chiqish va eksport qilishga qodir mutaxassislar sonini ko‘paytirish hamda eksport hajmini yanada oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv so‘ngida AQSHda faoliyat olib borayotgan IT kompaniyalar vakillari mamlakatimizda joriy etilgan soliq imtiyozlari, sarmoya kiritish, kadrlar tanqisligining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar borasidagi savollariga javob oldilar.