Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo-Afrika huquqiy maslahatlashuv tashkiloti (Asian-African Legal Consultative Organization – AALCO)ning 62-yillik anjumanida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi ilk bor kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.

1956 yil asos solingan, Osiyo va Afrikaning 48 yirik mamlakatini birlashtirgan hukumatlararo tashkilot hisoblanadigan AALCO xalqaro huquqni yaratish jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsata oladi. Ya’ni, BMTning Xalqaro huquq komissiyasi (ILC), Xalqaro savdo huquqi komissiyasi (UNCITRAL), Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi (HCCH) kabi tuzilmalari bilan hamkorlikda xalqaro huquq poydevorini shakllantiradi.

Anjuman doirasida xalqaro savdo va investitsiya huquqi, atrof-muhitni asrash, barqaror rivojlanish va fazo makonidan foydalanish singari dolzarb mavzular muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro ta’minot zanjiridagi ishtiroki va dunyo bozoriga chiqishdagi huquqiy jihatlar yuzasidan ma’lumot taqdim etdi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi sharoitida atrof-muhitni himoya qilish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish va fazo bilan bog‘liq ma’lumotlarni xalqaro miqyosda tartibga solish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Anjuman doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston delegatsiyasining AALCO bosh kotibi Kamalinne Pinitsuvadol bilan uchrashuvida o‘zaro hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.

Tadbir ertaga nihoyasiga yetadi.

Aziza Alimova, O‘zA