Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi Afg‘onistonga bordi.
Tashrif doirasida Kobul shahrida Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, muvaqqat hukumat rahbarining ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Xanafiy, siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Kabir va tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangani, O‘zbekiston Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning uzviy va ajralmas qismi sifatida qarashi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022 yil qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida aloqa o‘rnatishda Afg‘oniston alohida o‘rin tutishi e’tirof etilgan.
Shu ma’noda mamlakatimiz birinchilardan bo‘lib Afg‘onistonning muvaqqat hukumati bilan konstruktiv, o‘zaro maqbul muloqot yo‘lga qo‘ygan.
Uchrashuvlarda ana shu tamoyillar asosida o‘zaro savdo aloqalarini rivojlantirish, energetika sohasidagi samarali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, jumladan mis, temir, neft-gaz konlarini birgalikda o‘zlashtirish, shuningdek transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, hududlar aro munosabatni yanada chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Savdo aylanmasini joriy yil 1 milliard dollarga, yaqin istiqbolda esa 3 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni o‘zaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Bunda ikki tomonlama investitsiyani rag‘batlantirish, imtiyozli savdo yuritish savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirishga turtki berishi ma’qullandi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli muloqotni muntazam davom ettirish, mushtarak sa’y-harakat bilan munosabatni izchil rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida qator hujjatlar imzolandi.
O‘zA