NHK telekompaniyasi xabar berishicha, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida lavozimini tark etmoqchi. Aniqrog‘i, u o‘z qarorgohida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakatdagi hukmron Liberal-demokratik partiya rahbarligi saylovida ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymaslik qarorini ma’lum qildi.

– Partiya o‘zgarib borayotganini ko‘rsatish uchun birinchi va eng tushunarli qadam rahbarlikni tark etishdir, – dedi u. – Men saylovda qatnashmayman.

Partiyaning sentyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovda saylanadigan yangi rahbari Bosh vazir bo‘ladi.

Fumio Kisida 2021 yil oktyabrdan buyon hukumatni boshqarib kelmoqda. Yosixide Suga o‘rnini egallagan ushbu siyosatchi avval mudofaa va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan. Eslatib o‘tamiz, Yaponiya Bosh vaziri mamlakatda kuchli zilzila xavfi yuzaga kelishi asnosida O‘zbekistonga safarini bekor qilgandi.