O‘zbekistonning paxta-to‘qimachilik klasteri tizimi tajribasi bugungi kunda ko‘plab davlatlarni qiziqtirmoqda. Xususan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Pokiston kabi mamlakatlar shular jumlasidandir.

Masalan, Qozog‘istondagi “Global Textile Turkestan” kompaniyasi Turkiston viloyatining fermer-paxtakorlari bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Shuningdek, Tojikistonda “Zelal Tekstil”, Qirg‘izistonda “Art Soft” loyihalari amalga oshirilgan edi. Endi Ozarbayjon ham ular safida.

O‘zbek modeli asosidagi paxta to‘qimachilik klasteri faoliyati bu gal mustaqil ravishda ilk marotaba Ozarbayjonda ham tashkil etildi. Bu esa davlatimiz rahbaring Ozarbayjonga tashrifidan so‘ng boshlangan muzokaralarning muvaffaqiyatidir.

Ozarbayjonda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi delegatsiyasi o‘tkazgan muzokaralar natijasida “TST Textile Group” tomonidan Imishli hududidan 5826 gektar maydon tanlandi. Amalga oshiriluvchi to‘liq zanjir beshta yo‘nalishda bo‘ladi.

3500 tonna mato, 800 ming dona tayyor mahsulot, 9500 tonna paxta yog‘i, 7 000 tonna paxta tolasi hamda 7000 tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha shartnomasi imzolandi.

– Klaster tizimiga o‘tish mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatida burilish yasamoqda, – deydi “TST Textile Group” klaster rahbari Abduvoris Yo‘ldoshev. – Paxtachilikda tolani qayta ishlashning o‘zi 2,5 barobar oshib, 100 foizga yetdi, ip-kalava va tayyor mahsulot ishlab chiqarish ham bir necha barobar oshdi, shunga mos ravishda eksport hajmi ham ortib bormoqda. Yuz minglab ish o‘rinlari yaratilib, Jahon bozorida mahsulot yetkazib berish zanjirining barqarorligi va shaffofligiga erishildi.

Bugungi kunda klasterlarda 3,4 million tonnadan ortiq paxta xomashyosi yetishtirilmoqda. Bu mamlakatdagi jami paxta hosilining 90 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Ichkarida tamoman o‘zini oqlagan tajriba endi tashqarida – Ozarbayjonda ham o‘z doirasini kengaytiradi.

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA