O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda energetika sohasini yanada isloh qilish, elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, suvdan (keyingi o‘rinlarda energiya resurslari deb yuritiladi) oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, to‘lov intizomini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring qilishning ta’sirchan tizimi, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xizmatlarning mavjud emasligi energiya resurslari xarajatlarini maqbullashtirish imkonini bermayapti.
Issiqlik ta’minoti obyektlarini modernizatsiya qilishda tizimli kamchiliklarning mavjudligi, ma’nan va jismonan eskirgan qozonxona asbob-uskunalaridan foydalanilayotganligi energiya resurslarini samarasiz iste’mol qilishga olib kelmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturini bajarish bo‘yicha ishlar lozim darajada tashkil etilmagan.
Davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida:
1. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining “Energiya tejash milliy kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi o‘rinlarda “ETMK” AJ deb yuritiladi) tashkil etish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “ETMK” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat organlari va tashkilotlarida energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring qilish;
davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlarining xarajatlarini maqbullashtirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxini pasaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va energiya resurslari uchun xarajatlarni qisqartirish hisobiga byudjet hamda o‘z mablag‘larini tejash;
foydalaniladigan energiya resurslari hajmini kamaytirishga qaratilgan texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa choralarni amalga oshirish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
“ETMK” AJning ustav fondi ta’sischilar o‘rtasida 1-ilovaga muvofiq taqsimlanadi;
“ETMK” AJ davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yagona yetkazib beruvchisi hisoblanadi;
energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) majburiy sertifikatlashtirilishi shart;
“ETMK” AJning davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarni qoplash ular joriy qilingandan keyin olingan tejash miqdorlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi;
tejash darajasi tasdiqlanganda davlat organlari va tashkilotlarining “ETMK” AJ oldidagi majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati beriladi;
energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan o‘xshash tovarlar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlariga energiya samaradorligi past tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilish taqiqlanadi;
“ETMK” AJning to‘lovlari xarajatlarning to‘rtinchi guruhi – boshqa xarajatlar bo‘yicha amalga oshiriladi;
xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar “ETMK” AJ faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda “ETMK” AJning ustav fondini shakllantirgan holda aksiyalarni belgilangan tartibda chiqarish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ta’sischilar o‘rtasida joylashtirishni ta’minlasin.
5. “ETMK” AJning direktoriga istisno tariqasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilishga hamda ularga ish haqi va boshqa to‘lovlarni erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada belgilashga ruxsat berilsin.
6. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni tanqidiy tahlil qilish va ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha komissiya 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
7. Komissiya (M.X.Saliyev) uch oy muddatda:
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha tanqidiy tahlil o‘tkazsin;
o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari bo‘yicha uy-joy kommunal xizmatlarning byudjet xarajatlari va tashkiliy-shtat tuzilmasini optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin;
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi:
“ETMK” AJ hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishning shartlari va aniq mezonlarini belgilaydigan takliflarni kiritsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi, “ETMK” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti bilan birgalikda uch oy muddatda qozonxona stansiyalarini xatlovdan o‘tkazsin hamda yakuni yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga Qozonxona asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha davlat dasturi loyihasini kiritsin.
9. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilgan holda energiya servis shartnomalari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha loyihaoldi hujjatlarining ishlab chiqilishini ta’minlasin.
10. “O‘zstandart” agentligi “ETMK” AJni davlat organlari va boshqa tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sertifikatlash yuzasidan yagona organ sifatida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda:
Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga energiya servis shartnomasida belgilangan tejash darajasi tasdiqlanganda davlat organlari va tashkilotlarining “ETMK” AJ oldidagi majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatini berish tartibi yuzasidan takliflarni kiritsin;
energiya servis shartnomalarining amal qilish davrida kommunal xizmatlar uchun, shu jumladan, tariflar o‘sishini hisobga olib, ilgari nazarda tutilgan byudjet ajratmalari miqdorini saqlab qolgan holda byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarni moliyalashtirish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “ETMK” AJning tuzilmasini tasdiqlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Adliya vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 23-avgust
Mamlakatimizda energetika sohasini yanada isloh qilish, elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, suvdan (keyingi o‘rinlarda energiya resurslari deb yuritiladi) oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, to‘lov intizomini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil energiya resurslaridan samarasiz foydalanishga olib kelayotgan tizimli muammolarni aniqlash imkonini berdi, bu esa oxir-oqibatda energiya resurslari xarajatlarini maqbullashtirishni hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) energiya resurslaridan qarzdorligini qisqartirishga erishishni ta’minlamayapti. Xususan:
energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring qilishning hamda davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish xizmatlarini ko‘rsatishning ta’sirchan tizimi, shu jumladan, mazkur funksiyalarni bajarishga mas’ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan muassasaning mavjud emasligi, buning oqibatida foydalaniladigan energiya resurslari hajmini kamaytirishga qaratilgan texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa choralar kutilgan natijani bermayapti. Bu esa davlat organlari va tashkilotlarining energiya resurslariga xarajatlarini ko‘paytiradi;
issiqlik ta’minoti obyektlarini modernizatsiya qilishdagi tizimli kamchiliklar, ishdan chiqishi 70 foizga yetgan hamda issiqlik ta’minotining samarasizligi va energiya sarfi hajmining kattaligiga sabab bo‘lgan, ma’nan va jismonan eskirgan qozonxona asbob-uskunalarining ishlatilishi;
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturini bajarish bo‘yicha ishlar lozim darajada tashkil qilinmagan. Buning oqibatida dasturda davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha nazarda tutilgan loyihalar ijro etilmasdan qolgan.
Qayd etilganlarni inobatga olgan holda hamda davlat organlari, tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Davlat rahbarining mazkur qaroriga muvofiq “Energiya tejash milliy kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda “ETMK” AJ deb yuritiladi) tashkil qilindi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
davlat organlari va tashkilotlarida energiya resurslari iste’molining samaradorligini monitoring qilish;
davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish;
davlat organlari va tashkilotlarining xarajatlarini maqbullashtirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxini pasaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va energiya resurslari uchun xarajatlarni qisqartirish hisobiga byudjet hamda o‘z mablag‘larini tejash;
foydalaniladigan energiya resurslari hajmini kamaytirishga qaratilgan texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa choralarni amalga oshirish.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asakabank” ATB va “Turonbank” ATB “ETMK” AJning ta’sischilari hisoblanadi.
Shu o‘rinda, “ETMK” AJ davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni energiya servis shartnomalari asosida joriy qilish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yagona yetkazib beruvchisi etib belgilandi. Uning xarajatlarini qoplash energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalar joriy qilingandan keyin olingan tejash miqdorlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun davlat organlari va tashkilotlari tomonidan to‘lovlarni ta’minlash maqsadida qaror bilan davlat organlari va tashkilotlarining majburiyatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolatini berish mexanizmi nazarda tutildi. Tejash darajasi tasdiqlanganda bunday kafolat “ETMK” AJga beriladi.
Shu bilan bir qatorda, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan o‘xshash tovarlar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlariga energiya samaradorligi past tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilish taqiqlandi.
Yangi tuzilgan tashkilot o‘z vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlash maqsadida “ETMK” AJning direktoriga istisno tariqasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilishga hamda ularga ish haqi va boshqa to‘lovlarni erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada belgilashga ruxsat berildi.
Shuningdek, qaror bilan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni tanqidiy tahlil qilish va ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etildi.
Komissiyaga:
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha tanqidiy tahlil o‘tkazish;
uy-joy kommunal xizmatlarning byudjet xarajatlari va tashkiliy-shtat tuzilmasini, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturlarini optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifalari yuklatildi.
Bundan tashqari, tegishli vazirlik va idoralarga:
davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishning shartlari va aniq mezonlarini belgilaydigan takliflarni kiritish;
Qozonxona asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha davlat dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Davlat rahbarining mazkur qarori qabul qilinishi, shubhasiz, davlat organlari va tashkilotlarining zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi faoliyatini jadallashtirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.