Nukusda “Yoshlarning ma’naviy ongini shakllantirishda kutubxonaning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Respublika bolalar kutubxonasi bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Bolalar kutubxonasi mutasaddilari, yozuvchi-shoirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish belgilangan. Kitob o‘qishning foydasi ko‘p. O‘qish tilni to‘g‘rilash, og‘zaki nutqni rivojlantirish, so‘z boyligini orttirish uchun asosiy manbadir. Kishi kanchalik ko‘p mutolaa qilsa, shunchalik ravon va bexato so‘zlaydigan bo‘ladi, dunyoqarashi kengayadi, madaniy saviyasi o‘sadi. Shunday ekan, o‘qish bugungi kunning eng dolzarb zaruratlaridan biri desak, sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Undan tashqari, kishi ko‘p o‘qigan sari bilimi oshadi, hamma sohadan ma’lum ma’noda xabari bo‘ladi. Natijada atrofidagilar uchun ham qiziqarli suhbatdosh, to‘g‘ri maslahatgo‘y va yordamchiga aylanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va ijtimoiy aloqalar masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan 2024 yilga tasdiqlangan “Yo‘l xarita”sida ta’lim muassasalarida respublika miqyosida kitobxonlik bilan bog‘liq “Kitob bayrami” festivali, “Xalqaro bolalar kitobi kuni” tadbirini, “Yoshlarning ma’naviy ongini shakllantirishda kutubxonaning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
–Kitob – insonga chin do‘st va sirdosh bo‘la oladigan, muammoli vaziyat tug‘ilsa, yechim topa oladigan, kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat, aqliga aql qo‘sha oladigan beminnat va saxiy do‘stdir, – deydi Beruniy tumanidagi 54-umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shirin Sultonova. –Inson aqlu zakovati yetmaydigan narsalar juda ham ko‘pki, ularning hammasini bilishga inson umri kamlik qiladi. Kitob o‘qish orqali bilmagan narsalarini bilish, o‘z ustida yana va yana ishlash aqlni charxlaydi.
Tadbir ishtirokchilari kitob o‘qish va kitobxonlikni targ‘ib etish bo‘yicha o‘z fikr-takliflarini bildirdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari