O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni, Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida sheriklikning yuksak darajasiga erishilgani, yaqin va samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bugungi kunda bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 4,4 milliard yevrodan oshgan. Ularda xususiy sektor ulushi 70 foizga yaqinlashdi.
Hamkorlik yo‘nalishlari va ko‘lamini, eng avvalo, kichik va o‘rta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi, muqobil energetika, raqamli texnologiyalar kabi sohalarda kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va ETTB o‘rtasida yangi Sheriklik strategiyasi qabul qilindi.
Bankning faol ko‘magi va bevosita ishtirokida davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash tadbirlari olib borilmoqda, bank-moliya sohasida yirik bitimlar amalga oshirildi, “yashil” energetika, transport infratuzilmasi, ekologiya, va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari suv ta’minoti, energetika, yo‘l infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish borasida yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashi majlisining kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.