So‘nggi payt turli mintaqalarda harbiy nizolar kuchayishi yirik davlatlarni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo‘ymoqda. O‘zaro ziddiyat kuchayishi dunyoda qutblanish jarayonini tezlashtirmoqda. Harbiy sohaga yuqori texnologiyalar, dronlar, sun’iy intellekt joriy etilishi bilan mudofaa tizimiga yangicha qarash yuzaga chiqmoqda.

Binobarin, sarflanayotgan mablag‘ ham ortmoqda. Rivojlangan iqtisodiyotga, zamonaviy sanoatga ega mamlakatlar o‘rtasidagi qurollanish poygasi, shubhasiz, dunyo ahli xavotiriga sabab bo‘layotir.

Yaqinda “Nikkei” gazetasi Yaponiya mudofaa vazirligi sun’iy intellekt va uchuvchisiz uchar qurilma ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish yo‘nalishida xususiy sektor bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirayotgani haqida yozdi. Hukumat 2023-yil xususiy kompaniyalar bilan qo‘shma tashabbuslar sonini ikki barobar oshirib, 30 loyihada ishtirok etgan. Bu 2022-yil  bilan solishtirganda 16 ta ko‘p. Qolaversa, aksar ishlanmalar zamonaviy mudofaa texnologiyalari tadqiqotiga tegishli.

Masalan, vazirlik “Hitachi” va “Shimadzu” kompaniyalari bilan suv osti dronida nishonni aniqlashning akustik va optik texnologiyasini uyg‘unlashtirish hisobiga aloqa imkoniyatini kuchaytirish ustida ish olib bormoqda. Ta’kidlanishicha, “Mitsubishi Heavy Industries”, “NEC” va “Kawasaki Heavy Industries” kompaniyalari bilan birgalikda ko‘p dronlarni mustaqil boshqarish texnologiyasi o‘rganib chiqilyapti. Bundan tashqari, dronlarni oldindan aniqlaydigan texnika ishlab chiqarish uchun kichik va o‘rta korxonalar hamda startaplar bilan ham hamkorlik kengaytirilmoqda.

2023-yil xususiy kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun byudjetdan 18,8 milliard iyen (125 million dollar) ajratildi. Ko‘zlangan maqsad ikki yoqlama vazifani bajaradigan yapon texnologiyasi ishlab chiqarishni kuchaytirish. Bu mudofaa tizimining tiyib turish va tayyorgarlik imkoniyatini kengaytiradi. Mudofaa texnologiyasini boshqa mamlakatlarga eksport qilish ham xavfsizlikni, diplomatik aloqani mustahkamlashi mumkin.

Yaponiya hukumati 2022-yil milliy xavfsizlikning yangilangan strategiyasini tasdiqladi. Hujjatda 2027-yilgacha mudofaa xarajatini, xuddi NATO mamlakatlaridek, 2 foiz oshirish ko‘zda tutilgan. 2024 moliya yili uchun qabul qilingan byudjet loyihasida mudofaa uchun mablag‘ 55,6 milliard dollarga yetadi. Kelajakda, xususan, mamlakatda ishlab chiqarilgan uzoq masofaga yetib boradigan raketalar xarid qilish hamda Buyuk Britaniya va Italiya bilan birga kelgusi avlod qiruvchi samolyotlarini yaratish rejalashtirilgan.

Umuman, bunday samolyotlar bo‘yicha kun chiqar yurt yirik maqsadlarni ko‘zlamoqda. Yaqinda Liberal-demokratik hukmron partiya (LDP) va shu koalitsiyasiga kiruvchi Komeyto partiyasi eksport nazoratini biroz bo‘shashtirishga kelishib oldi. Demak, uch mamlakat ishlab chiqaradigan eng yangi qiruvchi samolyotlarni boshqa mamlakatlarga eksport qilish ham mumkin bo‘ladi.

Ikki partiya eksport ruxsat etiladigan mamlakatlar ro‘yxatini qisqartirishga qaror qilgan. Ya’ni, ro‘yxatga faqat Yaponiya mudofaa texnologiyasini berishi mumkin bo‘lgan Avstraliya, Buyuk Britaniya, Vetnam, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Malayziya, BAA, AQSH, Singapur, Tailand, Filippin, Fransiya, Shvetsiya singari davlatlar kiritilgan. Inchunun, bu sheriklar xalqaro kelishuvlar ishtirokchisi sifatida texnologiyalardan BMT Nizomi maqsad va tamoyillari asosida foydalanishni zimmalariga olgan.

Yana bir shart shuki, jangovar harakat amalga oshirilayotgan mamlakatlarga eksport amalga oshirilmaydi.

LDP va Komeyto o‘rtasida ushbu masalada kelishuvga erishilgani bois, mart oyi oxirigacha qaror hukumat tomonidan ma’qullanishi kutilyapti. So‘ngra Milliy xavfsizlik kengashi majlisida mudofaa mahsulotlari eksporti tamoyili bo‘yicha yo‘riqnomaga kiritiladigan tuzatish tasdiqlanishi mumkin. O‘zgarish faqat yangi qiruvchi samolyotga tegishli. Boshqa har qanday yangi loyiha qo‘shimcha kelishuv talab qiladi.

2022-yil dekabrda Yaponiya, Italiya va Buyuk Britaniya yangi avlod qiruvchi samolyoti yaratishga kelishib olgan. Yangi mashina 2035-yilgacha tayyor bo‘lishi kerak. London, Tokio va Rim amalga oshirayotgan “Tempest” dasturi doirasida GCAP (Global Combat Air Programme) birlashmasi tashkil etildi. Loyiha AQSH va Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilayotgan qiruvchi samolyotlarga muqobil bo‘lishi kerak. AQSH va NATO harbiy texnikasi bilan tezkor uyg‘unlikka erishish tashabbus konsepsiyasi asosini tashkil etadi.

Loyihaga uch mamlakatning bir necha kompaniyasi jalb etilgan. 2023-yil mart oyida Yaponiyaning “Mitsubishi Electric” korporatsiyasi, Italiyaning “Leonardo” kompaniyasi va mazkur korxonaning Britaniyadagi bo‘limi – “Leonardo”, shuningdek Birlashgan Qirollik va Italiyaning “Elettronica” kompaniyalari oltinchi avlod qiruvchi samolyoti ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlik bitimini imzolagan.

Ekspertlar fikricha, bunday uchoq ishlab chiqarilsa va qurilma eksporti yo‘lga qo‘yilsa, tabiiyki, kun chiqar mamlakat ham xalqaro qurol-yaroq bozorida faol ishtirok eta boshlaydi. Buni vaqt ko‘rsatadi.

S.Rahimov,

O‘zA