Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori, Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi prezidenti Husayn Al Musallam hamda Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Al Shafar Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamrohligida poytaxtimizda bunyod etilayotgan Olimpiya shaharchasidagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Mehmonlarga 100 gektar maydonda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbolga ixtisoslashgan asosiy stadion, 6 ta yopiq va 13 ta ochiq inshootlarining loyihasi haqida ma’lumot berildi.
Olimpiya shaharchasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida Osiyo sport tashkilotlarining mutasaddilari suv sporti turlari, yengil atletika va o‘yin turlariga mo‘ljallangan arenalardagi ishlarga yuqori baho berdi.
O‘z navbatida Osiyo velosport konfederatsiyasi rahbari Toshkentda qad rostlayotgan velodrom Xalqaro velosportchilar ittifoqi (UCI) tomonidan qo‘yilgan eng so‘nggi talablarning barchasiga javob bera olishi bilan birga Markaziy Osiyodagi mavjud velotrek inshootlaridan har jihatdan qulaylikka egaligini ta’kidladi.
O‘zbek sportining “oltin avlodi”ni kamolga yetkazish yo‘lida xizmat qiladigan mazkur sport obyektlarida sinov musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA