Yana bir necha kunlardan keyin, ya’ni 3-martdan O‘zbekiston Superligasi o‘yinlari boshlanadi.
Xo‘sh, bu yil nechta xorijiy mamlakatdan legioner futbolchilar Superligaga jalb etildi? Ularning eng ko‘pi qaysi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda?
O‘zbekiston Professional futbol ligasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilgi futbol mavsumi uchun klublarimiz 22 ta mamlakatdan 66 nafar xorijlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Mamlakatimiz yashil maydonlarida eng ko‘p legioner futbolchi Serbiya davlatiga tegishli. Ushbu mamlakatning 13 nafar futbolchisi yurtimiz yashil maydonlaridagi bahslarda to‘p tepadi.
Legioner futbolchilarning ko‘pligi jihatdan keyingi o‘rinlarda Gruziya(9), Chernogoriya (7), Tojikiston (5), Rossiya(4), Belarus va Xorvatiya (3 tadan) joy olgan.
Shuningdek, Shimoliy Makedoniya, Ukraina, Qirg‘iziston, Bosniya va Eron davlatining 2 nafardan futbolchilari yurtimiz klublari sharafini himoya qiladi. Gana, Braziliya, Ispaniya, Nigeriya, Latviya, Liberiya, Suriya, Yaponiya, Ruminiya, Moldova mamlakatlari hissasiga 1 nafardan futbolchi to‘g‘ri kelmoqda.
Yana bir qiziq fakt. Bu yil O‘zbekiston Superligasida qatnashadigan legioner futbolchilarning 7 nafari darvozabon, 14 nafari himoyachi, 16 nafari yarim himoyachi, 10 nafari qanot yarim himoyachisi, 19 nafari hujumchi hisoblanadi.
Bu yil Superligada o‘ynaydigan legioner futbolchilarning umumiy transfer summasi 18 million 550 ming yevroni tashkil etmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA