Nukusda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda faol yoshlar, volontyorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari, Jo‘qorg‘i Kenges deputati T.Romanov ta’kidlaganidek, mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, jamiyat islohotlar tashabbuskori tamoyilini amalga oshirish maqsadida aholining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilib, belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda.

Jumladan, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, mahalliy byudjet mablag‘larini aholi fikri asosida sarflash bo‘yicha tashabbusli byudjet loyihasini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish lozimligi belgilandi va shu kabi ko‘plab boshqa mexanizmlar amaliyotga tatbiq etildi.

Barchamizga ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi jamoatchilik.uz, uzbekistan 2030.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Mazkur loyiha 5 ta yo‘nalish, 100 ta maqsad, 292 ta amaliy chora-tadbirdan iborat. Hujjat loyihasida yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2024 yilga mo‘ljallangan islohotlar nazarda tutilmoqda.

Aholining erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida dastur loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, takliflar olinmoqda.

Tadbirda dasturni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati, ayniqsa, mas’ul idoralar tomonidan yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik eshituvi kabi tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham tushuntirish berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri